AsosiyIqtisodiyot

Saudiya Arabistoni investorlari O`zbekistonning 6 ta viloyatida gul etishtirishni yo`lga qo`ymoqchi

'Saudiya Arabistoni investorlari O`zbekistonning 6 ta viloyatida gul etishtirishni yo`lga qo`ymoqchi'ning rasmi

O`zbekiston elchixonasi  xodimlari Saudiya Arabistoni Atrof-muhit, suv va qishloq xo`jaligi vazirligining Qishloq xo`jaligi tadqiqotlari va qishloq xo`jaligini kengaytirish departamenti bosh direktori Bandar Muhammad al-Saqhan bilan uchrashuv o`tkazdilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Ma`lum qilinishicha, uchrashuvdan maqsad – O`zbekistonda qishloq xo`jaligi sohasida, jumladan, gul etishtirish yo`nalishida ishlab chiqilayotgan istiqbolli investisiya loyihalariga saudiyalik investorlarni jalb etish va tegishli shartnomalarni imzolashdan  iborat.

Suhbat avvalida Bandar al-Saqhan Saudiya Arabistoni va O`zbekiston o`rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani va bunda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, xususan O`zbekiston Prezidentining 2022 yilda ushbu  mamlakatga amalga oshirgan rasmiy tashrifi muhim o`rin tutayotganini ta`kidladi. U, shuningdek, mamlakat ishbilarmonlarining mazkur loyihalarga katta qiziqish bildirayotganini alohida qayd etdi.

«Saudiya tomoni O`zbekiston bilan gul etishtirish bo`yicha hamkorlik qilishdan manfaatdor. Bu borada Saudiya Arabistoni Atrof-muhit, suv va qishloq xo`jaligi vazirligining 5 nafar mas`ul xodimi va 10 nafardan ziyod investorlarni gul etishtirish bo`yicha loyihalarga investiyalar kiritish maqsadida O`zbekistonga biznes-missiya bilan  yuborishga  tayyormiz», dedi Bandar Muhammad al-Saqhan.

Ushba loyihalar respublikamizning tuproq-iqlim sharoitiga mos 6 ta viloyatida, jumladan Toshkent, Jizzax, Samarqand, Namangan, Farg`ona va Andijon viloyatlarida amalga oshirish ko`zda tutilgan.

Ishchi  safar doirasida saudiyalik investorlar va mamlakatimiz ishbilarmonlari o`rtasida bir qator shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar