O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 7 mart kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakon Fidan hamda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram kanalida yozib qoldirdi.
Saidov Turkiya prezidenti tomonidan qabul qilinganini bildirib, uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomlarini yetkazganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan birodarlik munosabatlari O‘zbekiston va Turkiya hamkorligini turli yo‘nalishlarda rivojlantirish uchun asos yaratmoqda.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining norasmiy yig‘ilishi doirasida Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakon Fidan bilan uchrashuv o‘tkazilgan. Tomonlar Yaqin Sharqdagi vaziyat va uning mintaqaviy oqibatlari yuzasidan fikr almashgan.
Suhbat chog‘ida mintaqadagi keskinlikni kamaytirish va barqarorlikni ta’minlash uchun ziddiyatlarni muloqot hamda diplomatik yo‘l bilan hal etish zarurligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari hamraisligida o‘tkazilgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishga tayyorlik bildirgan.
Baxtiyor Saidov Istanbulda Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ham ishtirok etganini qayd etdi. Vazir ushbu uchrashuvni tashkil etgani uchun Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakon Fidanga minnatdorlik bildirgan.
Yig‘ilish davomida mintaqaviy va global xavfsizlikka ortib borayotgan tahdidlar, shuningdek, turkiy davlatlar o‘rtasida birdamlik va muvofiqlashtirishni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan. O‘zbekiston Tashkilot doirasida amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, barqarorlik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash hamda izchil rivojlanishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.






