1

O`zbekistonda bodring narxi ikki kunda 5 baravargacha oshdi

Iqtisodiyot 16.11.2023, 09:14
O`zbekistonda bodring narxi ikki kunda 5 baravargacha oshdi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Qo`yliq” va “Chorsu” dehqon bozorlarida sotilayotgan 28 turdagi meva, sabzavot, guruch mahsulotlari, mol va qo`y go`shtining 15 noyabrdagi ulgurji narxlari haqida ma`lumot berdi.

O`rganishlarga ko`ra, “Qo`yliq”da bodring mahsulotining minimal narxi 5 baravargacha oshdi. Ya`ni 13 noyabr kuni bir kilo bodring 4 000-9 000 so`mdan sotilgan bo`lsa, 15 noyabrda bu ko`rsatkich 20 000-25 000 so`mgacha ko`tarilgan.

Vazirlik narxlarni e`lon qilishni oktyabr oyi o`rtalarida boshlagan bo`lsa, oradan o`tgan bir oy davomida “Chorsu”dagi mol va qo`y go`shtlarining narxlari o`zgarmagan. Jumladan, mol go`shtining kilosi 60 000-70 000 so`m, qo`y go`shti esa 65 000-70 000 so`mdan sotilmoqda.

Mazkur bozorda Lazer guruchi narxi ham o`zgarishsiz — kilosi 18 000-25 000 so`m oralig`ida, no`xat 18 000-20 000 so`mdan, qizil loviya 15 000-17 000 so`m, mosh 10 000-12 000 so`mdan savdo qilinyapti.

“Qo`yliq”da kartoshkaning bir kilosi narxi 1 700-4 000 so`m, piyoz 1 200-2 000, sabzi 1 000-2 000 so`mdan sotilmoqda.

Sabzavotlardan pomidorning kilosi 5 000 so`mdan 25 ming so`mgacha, bulg`or qalampiri 2 000-4 000 so`m, baqlajon 1 800-2 000 so`m.

Mevalardan uzum eng yuqori narxlarda sotilmoqda. Ushbu mevaning ulgurji hisobda eng minimal narxda 25 000 so`mdan, yuqori narxda esa 90 000 so`mdan xarid qilish mumkin. Bananning kilosi 18-23 ming so`m, olma 4 000-18 000 so`m, nok 19 000-40 000 so`m (narxi o`zgarmagan). Anor 7 000-35 000 so`mdan, limon 10 000 -30 000 so`mdan sotilyapti.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1