1

O`zbekiston 2026 yilgacha Ai-80 benzinidan voz kechadi

Iqtisodiyot 05.01.2024, 09:16
O`zbekiston 2026 yilgacha Ai-80 benzinidan voz kechadi

O`zbekiston 2026 yilgacha Ai-80 benzin ishlab chiqarishdan voz kechishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi ma`lum qildi. Bunga quyidagi chora-tadbirlar orqali erishish rejalashtirilgan.

AGTKShlari uchun gaz etkazib berishni ko`paytirish

2022 yilda yoqilg`i quyish shoxobchalariga 4,6 milliard kub metr, 2023 yilda 4,83 milliard kub metr gaz etkazib berilgan. 2024 yilda hajmlarni 5,39 milliard kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan. Ta`minotning ko`payishi deyarli 400 ming tonna benzinni o`rnini bosish imkonini beradi.

2023 yilning yanvar oyidagi anomal sovuq davrida gaz quyish shoxobchalariga kuniga 4,4 million kub metr, avgust oyida esa 15,4 million kub metr gaz etkazib berilgan.

Elektr transport vositalariga o`tish

Rasmiylar elektr transport vositalaridan foydalanishni ommalashtirish va ular uchun infratuzilma yaratishni rejalashtirmoqda. Energetika vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, yanvar oktyabr oylarida mamlakatga 26 mingta elektromobil import qilingan bo`lib, ular uchun 123 ta zaryadlash stansiyasi mavjud (biroq bunday stansiyalarning operatori TokBor uning 200 dan ortiq elektr quvvatlantirish stansiyalari mavjudligini ma`lum qilgan).

Mutaxassis hisob-kitoblariga ko`ra, 100 km masofaga 14−15 kVt elektr energiyasi sarflanadi, bu esa taxminan 30 ming so`mni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, bunday masofaga benzin narxi 80 ming so`mdan 130 ming so`mgacha bo`ladi.

Energetika vazirligi tomonidan respublikaning barcha hududlari uchun 70 dan ortiq quvvatlantirish stansiyalarini markazlashtirilgan holda ta`minlash bo`yicha ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, xususiy kompaniyalar tomonidan 50 ming stansiya qurilishi kutilmoqda. 2033 yilga borib O`zbekistonda elektromobillar soni 700 ming donadan oshishi rejalashtirilgan, bu esa qo`shimcha 1,8−2,2 GVt elektr energiyasini talab qiladi.

Ushbu talabni qondirish uchun Masdar (BAA) va Gezhouba Group (Xitoyning China Energy Engineering Corporation sho`ba korxonasi) bilan birgalikda deyarli 5 GVt quvvatga ega yirik elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish rejalashtirilgan.

Ai-80 zarari

Dunyoda Ai-80 benzini faqat O`zbekiston va Afg`onistonda ishlab chiqariladi. 2026 yilgacha uni bosqichma-bosqich to`xtatish rejalashtirilgan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi hujjat loyihasini ishlab chiqdi, unga ko`ra Ai-80 benzin ishlab chiqarish bo`yicha yangi quvvatlarni ishga tushirishni taqiqlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, K-2 (Evro-2) standartidagi benzinni olib kirishni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Ushbu markadagi benzin tarkibida oltingugurtning ulushi 0,5 foizdan oshmasligi kerak. Evro-5 standartiga ko`ra esa bu ko`rsatkich 500 baravar kam — 0,001 foiz. Evro-2`da benzolning ulushi 5 foizdan, Evro-5`da esa 1 foizdan oshmasligi kerak. Evro-5da yonish paytida aromatik moddalarning ulushi 35 foizdan, olefin uglevodorodlarining ulushi esa 18 foizdan oshmasligi kerak. Evro 2`da bunday talab yo`q.

Energetika vazirligi ushbu takliflarni qo`llab-quvvatladi.

Energetika vazirligining qayd etishicha, ayrim hududlar aholisi benzinning yoqimsiz hididan shikoyat qilgan. Buning sababi, kichik xususiy neftni qayta ishlash zavodlarida Ai-80 benzinini belgilangan standartlar bo`yicha ishlab chiqarish, ammo aromatik moddalarga talablar yo`qligi, buning natijasida yonilg`ining oktan sonini oshirish va «juda hidli» bo`lishi mumkin bo`lgan benzin ishlab chiqarilishi bilan bog`liq.

Bunday holatlar Toshkent shahrida ham («Lokomotiv» bog`i va Parkent ko`chasida), viloyatlarda ham sodir bo`ldi.

Ayni paytda mazkur ob`ektlarda ishlab chiqarish to`xtatilgan, «O`zenergoinspeksiya» tomonidan tegishli choralar ko`rilgan.

Yuqori standartlarga o`tish

Ai-92 va undan yuqori turdagi benzin ishlab chiqarishni ko`paytirish orqali 2026 yil oxirigacha Ai-80 ishlab chiqarishni qisqartirish rejalashtirilgan. Bunga parallel ravishda yuqori oktanli benzin markalariga aksiz solig`i stavkalarini kamaytirish taklif qilinmoqda.

Vazirlik ma`lumotlariga ko`ra, shu maqsadda Buxoro va Farg`ona neftni qayta ishlash zavodlarini Evro-5 va Evro-6 benzin ishlab chiqarishga o`tkazish bo`yicha dasturlar ishlab chiqilgan. Energiya tariflari kech oshirilgani sababli neft-gaz sohasida investisiya dasturlarini amalga oshirishda kechikish kuzatildi, deya ta`kidladi davlat organi.

Dastlab, 2025 yil oxirigacha BNQIZ modernizasiyasini yakunlash va yoqilg`i ishlab chiqarishni Evro-5 standartiga o`tkazish rejalashtirilgan edi, ammo bu sana 2026 yilga ko`chirildi. U erda izomerizasiya zavodlarini qurish rejalashtirilgan. FNQIZni modernizasiya qilish 2025 yilda yakunlanishi va gidrokreking jarayonini boshlash rejalashtirilgan.

2022 yilda mamlakatda 1 million 255 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan, 121,3 ming tonna import qilingan, iste`molchilarga 1,318 million tonna benzin etkazib berilgan. 2023 yilda ishlab chiqarish hajmi 1,334 million tonnani tashkil etdi, 400 ming tonna import qilindi (shundan 120 ming tonnasi Ai-80). Iste`molchilarga 1,46 million tonna yonilg`i etkazib berildi. Ushbu hajmning 1,144 millioni Ai-80 benziniga to`g`ri keldi: Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 891,2 ming tonna, Farg`ona neftni qayta ishlash zavodida 252,8 ming tonna ishlab chiqarilgan.

2024 yilda iste`molchilarga 2,28 million tonna barcha markadagi benzin etkazib berish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Ai-80 ishlab chiqarish 1,094 million tonnagacha kamayishi, ushbu turdagi yoqilg`ining markazlashtirilgan importi esa 200 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda (tadbirkorlarning xaridlarini hisobga olmaganda).

Narxni chegaralash

Avval aytib o`tganimizdek, hukumat barcha yoqilg`i quyish shoxobchalarida Ai-80 benzinning maksimal sotish narxini 8 ming so`m etib belgilash niyatida. Ai-92 benzini narxi 9500 so`m bo`lishi bilan iste`molchilar bosqichma-bosqich sifatli benzinga o`tishi kutilmoqda. Yuqori oktanli benzin tannarxini pasaytirish uchun uni ishlab chiqarish va import qilishni ko`paytirish rejalashtirilgan.

Ko`proq ekologik toza avtomobillarni chiqarish

Bundan tashqari, O`zbekistonda Ai-80 benzini bilan «zapravka» qilib bo`lmaydigan, ya`ni faqat Evro-5 va Evro-6 yonilg`isi mos keladigan avtomobillar ishlab chiqariladi.

Ai-80 benzinini ishlab chiqarishni to`xtatish rejalari haqida ilk bor 2020 yil iyun oyida, «O`zbekneftgaz» rahbari Mehriddin Abdullaevning Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrifidan so`ng xabar berilgan edi. Keyin korxona matbuot xizmati zavodni modernizasiya va rekonstruksiya qilish loyihasi tufayli bu erda Ai-91, Ai-93 va Ai-95 markali yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish, Ai-80 benzinni esa ishlab chiqarishni to`xtatish haqida ma`lum qildi.

2022 yildan boshlab «O`zbekneftgaz» Ai-80 ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich to`xtatishni rejalashtirgan edi, biroq bu markadagi yoqilg`i O`zbekistonda eng ko`p sotiladigan bo`lib qolmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1