O`zbekistonda byudjet tashkilotlarning oylik maoshlari kechikayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi holatga izoh berdi.
Ma`lum qilinishicha, avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritish bo`yicha "UzASBO-2" tizimiga o`tish munosabati bilan tizimda ayrim muammo va uzilishlar kuzatilayotgani to`g`risida xabar berilgan.
Bugungi kunda ushbu nosozliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko`rildi hamda "UzASBO-2" tizimi orqali budjet tashkilotlarining dekabr oyi II yarmi uchun 35 foiz budjet tashkilotlarining ish haqlari moliyalashtirib berilishi ta`minlandi.
Ish haqini to`lash jarayonida "UzASBO-2" tizimining bir maromda ishlashi uchun mutaxassislar tomonidan monitoring olib borilmoqda va ish haqini belgilangan muddatlarda (5 ish kunida) moliyalashtirib berish yuzasidan zaruriy choralar ko`rilmoqda.