AsosiyDunyo

Turkmanistonliklarga O`zbekiston orqali Rossiyaga borish taqiqlanmoqda

'Turkmanistonliklarga O`zbekiston orqali Rossiyaga borish taqiqlanmoqda'ning rasmi

O`zbekiston orqali Rossiyaga ketayotgan Turkmaniston fuqarolari “Toshhovuz” nazorat-o`tkazish punktidan hech qanday sabablarsiz orqaga qaytarilmoqda. Bu haqda “Turkmen news” xabar berdi.

Ma`lum bo`lishicha, Turkmaniston fuqarolarini turkman chegarachilari qanday viza bo`lishidan qat`iy nazar mamlakat hududidan chiqarmaslikka harakat qilmoqda.

Qayd etilishicha, O`zbekiston bilan chegarada joylashgan "Toshhovuz" nazorat-o`tkazish punktida chegarachilar yurtdoshlarining ketish maqsadi va Rossiyaga vizasi bor-yo`qligini aniqlash maqsadida batafsil so`roq qilishmoqda. Masalan, Turkmaniston fuqarolarining bir qismi Urganch aeroportidan Moskvaga uchadigan chiptalarni Ashxoboddan uchish narxidan bir necha yuz dollarga arzonga sotib olgan. Hattoki, ushbu yo`lovchilar ham ortga qaytarilmoqda.

"Turkmen.news"ning tasdiqlanmagan ma`lumotlariga ko`ra, mamlakatdan to`g`ridan-to`g`ri Rossiyaga borishda qiyinchiliklar mavjud. Bu asosan 60 yoshgacha bo`lgan erkaklarga tegishli. Nashr manbalariga ko`ra, bunga ikkita sabab bo`lishi mumkin: Turkmaniston rasmiylarining mehnat muhojirlari oqimini to`xtatishga urinishi va ularning yollangan holda Rossiya armiyasi tarkibida Ukraina hududiga jo`natilishiga qarshi kurash.

Ma`lumot uchun, 2024 yil 22 mart kuni Moskvadagi "Krokus" konsert zalida sodir bo`lgan teraktdan so`ng, Rossiya hukumati migrasiya siyosatini keskinlashtirgani sababli turkmanistonliklarning Rossiyaga borishida qiyinchiliklar yuzaga kelayotgan edi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar