AsosiyDUNYO

Eron elchisi TIVga chaqirtirildi: Samarqand merosi yuzasidan norozilik notasi topshirildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eronning ayrim xorijiy davlatlardagi elchixonalari Samarqandning tarixiy-madaniy merosiga oid materiallarni biryoqlama talqin qilgani yuzasidan norozilik bildirdi.

'Eron elchisi TIVga chaqirtirildi: Samarqand merosi yuzasidan norozilik notasi topshirildi'ning rasmi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eronning ayrim xorijiy davlatlardagi elchixonalari Samarqandning tarixiy-madaniy merosini biryoqlama talqin qiluvchi materiallarni e’lon qilgani yuzasidan Eron tomoniga norozilik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

TIV ma’lumotiga ko‘ra, 23 oktyabr kuni Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy vazirlikka chaqirtirilgan. Unga O‘zbekistonning qat’iy e’tirozlari bayon etilgan norozilik notasi topshirilgan.

Uchrashuvda Samarqand, Buxoro, Xiva va mamlakatning boshqa tarixiy shaharlari merosi O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixiy-madaniy taraqqiyotining ajralmas qismi ekani ta’kidlangan. Samarqandning tarixiy qiyofasi o‘zbek xalqining tarixi, davlatchilik an’analari va madaniy rivojlanishini aks ettirishi qayd etilgan.

O‘zbekiston tomoni Eron diplomatik vakolatxonalarining ijtimoiy tarmoqlardagi tegishli postlarini o‘chirish va bunday holatlar kelgusida takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rishni talab qilgan.

Vazirlik diplomatik vakolatxonalarning rasmiy axborot resurslaridagi materiallar o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga muvofiq bo‘lishi, tarixiy-madaniy masalalarni siyosiylashtirmasligi lozimligini bildirgan.

Shu bilan birga, TIV O‘zbekiston Eron bilan o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarni qadrlashini, biroq mamlakatning tarixiy-madaniy merosini biryoqlama talqin qilishga nisbatan prinsipial pozitsiyasini saqlab qolishini ta’kidlagan.

Avvalroq Eronning Armanistondagi elchixonasi AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqanddagi Registon maydonida olingan videosini e’lon qilib, bu hudud fors tsivilizatsiyasi va me’morchiligining bir qismi ekanini bildirgan edi.

Eronning Zimbabvedagi elchixonasi Registon maydonidagi ravoqlarni Eron-islom tsivilizatsiyasiga xos me’moriy belgi sifatida taqdim etgan. Bolgariyadagi elchixona ham Marko Rubio Samarqandda fors merosi fonida suratga tushganini ta’kidlab, ijtimoiy tarmoqda post joylagan.

    Boshqa yangiliklar