Rossiya, Ukraina va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi navbatdagi uch tomonlama muzokaralar yaqin ikki hafta ichida Abu-Dabi yoki Shveytsariyada bo‘lib o‘tishi mumkin. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad uch mamlakat rahbarlari darajasidagi muloqotni tashkil etishdan iborat. Bu haqda xorijiy manbalarga tayanib Zamon.uz xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, muzokaralarning aniq sanasi hozircha belgilanmagan. Rahbarlar darajasidagi uchrashuvni tashkil etish uchun bir qator muhim masalalarni hal qilish zarur.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 23 oktyabr kuni Rossiya, Ukraina va AQSh vakillari noyabr oyining birinchi yarmida Abu-Dabida texnik darajadagi uchrashuv o‘tkazishga kelishib olganini ma’lum qilgan. U uch mamlakat rahbarlari ham uchrashishiga umid bildirgan.
21 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburgda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashdi. Muzokaralarda Ukrainadagi urushni hal qilish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuvdan so‘ng Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralarning navbatdagi bosqichi noyabr oyida Abu-Dabida o‘tkazilishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Moskva noyabr oyining birinchi yarmida muzokaralarni qayta boshlashga tayyor.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Abu-Dabini uchrashuv o‘tkazish joyi sifatida ko‘rib chiqilayotganini bildirgan. Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi tarkibiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy va harbiy qo‘mondonlik vakillari kirishi mumkin.
Putin AQSh ma’muriyati vakillari bilan uchrashuvlarda Ukraina bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarni qayta boshlash masalasida kelishuvga erishilganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, muhokamalardan biri tinchlik kelishuvlari imzolangandan keyin Rossiya va Ukraina xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi.
Rossiya, Ukraina va AQSh o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralarning avvalgi bosqichlari 23-24 yanvar, 4-5 fevral hamda 17-18 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan. Navbatdagi uchrashuvni 5-8 mart kunlari Abu-Dabida o‘tkazish rejalashtirilgan, biroq AQShning Eronga qarshi operatsiyasi boshlanganidan keyin u qoldirilgan.
Dastlabki ikki raundda Rossiya delegatsiyasiga Bosh shtab Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov boshchilik qilgan. Jenevada bo‘lib o‘tgan uchinchi bosqichda esa delegatsiyaga Vladimir Medinskiy rahbarlik qilgan.






