Rossiyada voyaga etmagan bolalarga nisbatan jinsiy xarakterdagi harakatlar qilgan 33 yoshli O`zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo`mitasining Krasnoyarsk o`lkasi va Xakasiya Respublikasi bo`yicha Bosh tergov boshqarmasi xabar qildi.
Tergov ma`lumotlariga ko`ra, gumonlanuvchi 17 may kuni Kansk shahrida o`zining jinsiy ehtiyojini qondirish maqsadida 11-14 yoshli qizlar hamda 13 yoshli o`g`il bolalarga nisbatan nomaqbul va jinsiy xarakterdagi harakatlar sodir etgan.
O`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida erkak Kansk shahrida qo`lga olinib, Rossiya hududida noqonuniy yurganligi aniqlangan.
Erkak mamlakat Jinoyat kodeksining 132-moddasi (jabrlanuvchining nochor holatidan foydalangan holda 14 yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan jinsiy xarakterdagi harakatlar qilish) 4-qismining "b" bandi hamda 135-moddasi (buzuq harakatlar) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.