AsosiyJamiyat

Orolning qurigan tubida noyob o`simlik sinovdan o`tkazilmoqda

'Orolning qurigan tubida noyob o`simlik sinovdan o`tkazilmoqda'ning rasmi

Orol dengizining qurigan tubi hududida qariyb 600 ming gektarlik maydonda sho`r va nam tuproqlarda o`rmonzorlar barpo etish maqsadida birinchi marta noyob o`simlik Arundo donax tajriba maydonida sinovdan o`tkazilmoqda.

Shu kunlarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi tashabbusi bilan O`rmon xo`jaligi ilmiy-tadqiqot instituti professori Zinoviy Noviskiy boshchiligida ekish ishlari olib borilmoqda.

Hozirda o`simliklar 1 oylik. Ular qurg`oqchilikka chidamli bo`lganligi bois og`ir cho`l sharoitida ham 4 metrgacha o`sa oladi. Uning ekish texnologiyasi noyobligi shundaki, ekish jarayonida ko`chatlar o`rniga ildiz kurtaklari o`tqaziladi.

– Bular Orol dengizining qurigan tubi uchun boshqa hududlardan olib kelingan. 1-2 yil ichida Orolning barcha hududlarida Arundo donax o`simliklari ekiladi, chunki uning ildiz so`rg`ichlari tez unib chiqadi. Ushbu o`simlik tuzli shamollarning oldini oladi, uning poyasidan qurilish, to`qimachilikda foydalaniladi, shuningdek, uni em-xashak sifatida ham ishlatish mumkin, — deydi Noviskiy.

Aytish joizki, Zinoviy Noviskiy Qozog`iston Respublikasi Ekologiya va tabiat resurslari vazirligining taklifiga ko`ra Ostona shahrida bo`lib, qozog`istonlik hamkasblari bilan loyihaning muvaffaqiyatli natijalari xususida o`rtoqlashdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar