O'zbekistonda transport infratuzilmasini tubdan yangilashga qaratilgan yirik investitsiya loyihalari jadallashmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan rejalar orasida “Toshkent — Samarqand” muqobil avtomagistrali, Yangi Toshkent xalqaro aeroporti va Navoiy aviatsiya xabi bo'yicha muhim tashabbuslar bor.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 may kuni transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda avtomobil yo'llari, aviatsiya, logistika va xalqaro transport yo'laklarini kengaytirish bo'yicha strategik loyihalar muhokama qilindi.
“Toshkent — Samarqand” yo'li 150 km tezlikka mos bo'ladi
Taqdimotda eng yirik loyihalardan biri — “Toshkent — Samarqand” muqobil avtomobil yo'lini qurish masalasi ko'rib chiqildi. Uzunligi 282 kilometr bo'lgan mazkur yo'l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarini bog'laydi.
Ma'lum qilinishicha, avtomagistral I-a toifada qurilib, sement-beton qoplamaga ega bo'ladi. Har ikki tomonda uchtadan harakat tasmasi tashkil etiladi, loyihaviy tezlik esa soatiga 150 kilometrni tashkil qiladi.
Loyiha doirasida:
— 12 ta transport yechimi;
— 60 ta tunnelli o'tish joyi;
— 91 ta ko'prik;
— 16 ta yo'l o'tkazgich;
— 258 ta drenaj inshooti quriladi.
Shuningdek, intellektual transport tizimi, vazn o'lchash majmualari va 12 ta zamonaviy terminal barpo etilishi rejalashtirilgan.
Prezident mas'ullarga investorlar bilan muzokaralarni tezlashtirish va qurilish ishlarini qisqa muddatlarda boshlash bo'yicha topshiriq berdi.
O'zbekistonda aeroportlar soni 18 taga etdi
Taqdimotda aviatsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ham alohida e'tibor qaratildi.
Ayni paytda mamlakatdagi 7 ta xalqaro aeroport rekonstruksiya qilinmoqda. Shu bilan birga, Mo'ynoq, Qo'qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo va So'xda yangi aeroportlar qurilib, umumiy aeroportlar soni 18 taga yetkazilgan.
Navoiy xalqaro aeroporti yirik aviatsiya xabiga aylantiriladi
Taqdimotda Navoiy xalqaro aeroportini rivojlantirish rejalari ham ma'lum qilindi. Endilikda aeroport faoliyati loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etiladi va unga tijorat mustaqilligi beriladi.
Xususan, aeroport mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan mustaqil ravishda shartnoma tuzish, yuk va yo'lovchi tashish, tranzit hamda texnik qo'nishlar bo'yicha muzokaralar olib borish huquqiga ega bo'ladi.
Rejaga ko'ra, 2030 yilgacha:
— parvozlar soni 2,3 barobarga oshirilib, yiliga 7 mingtaga;
— yo'lovchilar oqimi 150 ming nafarga;
— yuk tashish hajmi 45 ming tonnaga yetkaziladi.
Shuningdek, aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko'rsatuvchi “porto-franko” erkin zonasi tashkil etiladi.
Yangi Toshkent aeroporti yiliga 20 million yo'lovchiga xizmat qiladi
Prezidentga Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi bo'yicha ham axborot berildi.
Loyihaga ko'ra, yangi aeroport yiliga 20 million yo'lovchiga xizmat ko'rsatish quvvatiga ega bo'ladi. Terminal maydoni 208,4 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Majmua hududida:
— 169 ta havo kemasi turargohi;
— har biri 4 kilometrdan iborat 2 ta uchish-qo'nish yo'lagi barpo etiladi.
Hozirgacha xalqaro moliya institutlari talablari asosida ekologik va ijtimoiy ta'sir baholangan. Ayni vaqtda muhandislik tarmoqlarini ko'chirish ishlari boshlangan va pudrat tashkilotlari bilan muzokaralar davom etmoqda.
Aviayoqilg'i ishlab chiqarish 600 ming tonnaga yetkaziladi
Taqdimotda fuqaro aviatsiyasi uchun aviayoqilg'i ta'minoti masalasi ham muhokama qilindi.
Ma'lum qilinishicha, hozir aeroportlardagi yoqilg'i quyish majmualarining umumiy sig'imi 49 ming tonnani tashkil etadi. 2030 yilgacha mahalliy aviayoqilg'i ishlab chiqarish hajmini yiliga 600 ming tonnaga, saqlash quvvatlarini esa 80 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Bu maqsadda Navoiy, Andijon, Buxoro, Urganch va Yangi Toshkent xalqaro aeroportlarida yangi saqlash inshootlari quriladi.
Shu bilan birga, yoqilg'ini saqlash va quyish jarayonlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, barcha boshqaruv tizimlarini raqamlashtirish va davlat nazoratini kuchaytirish vazifasi qo'yildi.
Yig'ilish yakunida davlat rahbari transport infratuzilmasini rivojlantirishda iqtisodiy samaradorlik, qurilish sifati, xavfsizlik va aholi uchun qulaylik asosiy mezon bo'lishi shartligini ta'kidladi.






