Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish va telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilashga oid taqdimot bilan tanishtirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda raqamli davlat xizmatlari sezilarli darajada kengaygan. Buning natijasida O‘zbekiston BMTning "Elektron hukumat" reytingida 24 pog‘ona yuqorilagan. Endi 2030 yilga qadar mamlakatni mazkur reytingda dunyoning kuchli 30 davlati qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil yakuniga qadar raqamli davlat xizmatlari soni 880 taga, ulardan foydalanuvchilar soni esa 15,5 million nafarga yetishi kutilmoqda. Solishtirish uchun, 2024 yilda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 525 ta xizmat va 4 million foydalanuvchini tashkil etgan.
Shu munosabat bilan davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilindi. Unda hududlar iqtisodiyoti, investitsiyalar, ekologiya, xavfsizlik, mahallalardagi ijtimoiy ahvol, fazoviy ma’lumotlar va boshqa axborotlar birlashtiriladi. Sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini nazorat qilish va boshqaruv samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Prezident ushbu tizimni joriy yilda Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushirish, kelasi yildan esa uni mamlakatning barcha hududlarida joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Taqdimotda tovar va xizmatlarning yagona milliy tasniflash tizimini yaratish, milliy navigatsiya platformasini ishga tushirish, axborot texnologiyalari eksportini 2030 yilga qadar 5 milliard dollarga yetkazish, 5 mingta startap tashkil etish va 2 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, "Talent Hub" dasturini ishga tushirish, IT Park rezidentlari uchun soliq imtiyozlarini 2040 yilgacha uzaytirish, "IT visa" va "Zero Risk" dasturlarini kengaytirish hamda IT kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish taklif etildi.
Yig‘ilishda telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish, ko‘p qavatli uylarni yuqori tezlikdagi internet infratuzilmasi bilan jihozlash, sohada faoliyat boshlayotgan tadbirkorlarni imtiyozli kreditlar bilan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar bildirildi.
Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, davlat idoralari axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish, kiberxavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlar muhofazasini kuchaytirish hamda xususiy sektor uchun yanada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.






