Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash va mavjud maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytirish boʻyicha takliflar bilan tanishdi.
Taqdimotda binoga joylashtirilgan korxona nomi va faoliyat turi haqidagi maʼlumotlarni reklama sifatida baholash amaliyotini bekor qilish masalasi koʻtarildi. Shuningdek, bunday hollarda alohida pasport rasmiylashtirish talabini ham bekor qilish taklif etildi.
Qayd etilishicha, amaldagi tartib baʼzi hollarda tadbirkorlar uchun qoʻshimcha maʼmuriy yuk keltirib chiqarmoqda va savdo hamda xizmat koʻrsatish nuqtalarining faoliyatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Prezident bu kabi maʼlumotlarni reklama sifatida baholamaslik va tartiblarni soddalashtirish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, kelgusida reklama va axborot belgilarini joylashtirish boʻyicha dizayn talablarini bosqichma-bosqich joriy etish hamda yuridik shaxslarga tegishli transport vositalarida savdo belgilari joylashtirish tartibini yengillashtirish taklif etildi.






