Avvalroq, BMT zilzilalar tabiiy ofatlar ichida eng halokatlisi ekanini ta'kidlab, Markaziy Osiyo davlatlarini bunday xavflarga tayyor turishga chaqirgan edi. Shuningdek, O'zbekistonning ayrim hududlari, ayniqsa Farg'ona vodiysi seysmik xavfi yuqori bo'lgan hududlar qatoriga kirishi qayd etilgan.
Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri Ulfat Nurmatovning ta'kidlashicha, bu kabi ma'lumotlar aholi orasida vahima uyg'otmasligi kerak.
“Vahimali xabarlarga ishonmaslik lozim. O'zbekiston hududi azaldan seysmik faol mintaqa hisoblanadi. Bu yerda zilzilalarni yuzaga keltiruvchi geologik yoriqlar mavjud va ularning seysmik imkoniyatlari ilmiy jihatdan chuqur o'rganilgan”, dedi mutaxassis.
Uning so'zlariga ko'ra, respublika va qo'shni davlatlar hududida yuz berishi mumkin bo'lgan eng yuqori magnitudali zilzilalar bo'yicha baholashlar amalga oshirilgan hamda maxsus seysmik xaritalar ishlab chiqilgan. Bugungi kunda barcha bino va inshootlar aynan shu xaritalar asosida loyihalashtirilib, qurilmoqda.
Mutaxassis qayd etishicha, O'zbekiston va qo'shni davlatlar hududida kuchli zilzilalar avval ham kuzatilgan. Xususan, Farg'ona vodiysida so'nggi yirik zilzila 2011 yilda Qirg'iziston hududida sodir bo'lgan yer silkinishi ta'sirida qayd etilgan bo'lib, uning magnitudasi 6,4 ni tashkil etgan. Shundan buyon bunday kuchdagi zilzilalar qayd etilmagan, 5–5,5 magnitudali yer silkinishlari esa muntazam kuzatilib turadi.
Ulfat Nurmatovning ta'kidlashicha, eng katta seysmik faollikka ega geologik yoriqlar asosan Tojikiston va Pomir hududlarida joylashgan bo'lib, u yerlarda magnitudasi 7 gacha bo'lgan zilzilalar yuzaga kelishi mumkin. Biroq ularning O'zbekiston hududiga ta'siri 9 balldan oshmaydi.
Shuningdek, Afg'oniston hududida ham tez-tez takrorlanuvchi zilzila o'choqlari mavjud. Ammo ular, asosan, 250–300 kilometr chuqurlikda sodir bo'lgani sababli, Markaziy Osiyo davlatlarida kuchli vayronkor oqibatlarga olib kelmaydi.
Mutaxassis Farg'ona vodiysi seysmik xaritasiga tayanib, hududning 90 foizdan ortig'i 8 balli seysmik zonaga kirishini, mavjud geologik yoriqlar o'zining eng yuqori salohiyatini namoyon etgan taqdirda ham silkinish kuchi 8 balldan oshmasligini bildirdi. Faqat Andijon viloyatining ayrim kichik hududlarida 9 ballgacha etishi mumkinligi qayd etildi.
“Keyingi 50 yil ichida ushbu hududda 8 balldan kuchli zilzila sodir bo'lish ehtimoli atigi 5 foizni tashkil etadi. Demak, bunday holat yuz bermaslik ehtimoli 95 foiz. Shuning uchun aholiga hozircha vahima ga tushish uchun hech qanday asos yo'q”, dedi Ulfat Nurmatov.
Ma'lumot uchun, 2025 yil iyun oyida ham Favqulodda vaziyatlar vazirligi magnit bo'ronlari sabab O'zbekistonda kuchli zilzila sodir bo'lishi haqidagi xabarlarni rad etgan.






