Quyosh tizimidan tashqarida hayot izlash bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarda muhim natija qayd etildi. Olimlar Yerga o‘xshash hamda yashash uchun qulay hududda joylashgan LHS 1140b ekzosayyorasida atmosfera mavjudligini kuzatuvlar orqali ilk bor tasdiqladi. Bu haqda Science jurnalida chop etilgan tadqiqotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, mazkur sayyora Yerdan taxminan 49 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan bo‘lib, uning yuzasida suyuq suv mavjud bo‘lishi mumkin.
Bunga qadar atmosferalar asosan gaz gigantlari va "sub-Neptun" turidagi ekzosayyoralarda aniqlangan edi. Shuningdek, yashash uchun qulay hududdan tashqarida joylashgan ayrim toshsimon ekzosayyoralarda ham atmosfera mavjudligiga ishora qiluvchi belgilari kuzatilgan. Ammo olimlar fikricha, LHS 1140b bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Tadqiqotning birinchi muallifi, yaqin vaqtgacha Garvard universitetida faoliyat yuritgan doktor Kollin Cherubim buni Quyosh tizimidan tashqaridagi yashash uchun qulay hududda joylashgan toshsimon sayyorada atmosfera mavjudligi birinchi marta kuzatuvlar bilan tasdiqlangan holat ekanini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur natija har qanday toshsimon ekzosayyora atmosferasi tarkibidagi moddaning ilk bevosita aniqlanishi sifatida ham ahamiyatga ega.
Cherubimning fikricha, ushbu kashfiyot LHS 1140b ni Quyosh tizimidan tashqarida astrobiologiya va yashashga yaroqli muhitni o‘rganish uchun eng istiqbolli obyektlardan biriga aylantirgan.
Ma’lum qilinishicha, LHS 1140b ning massasi Yernikidan 5,6 barobar katta, radiusi esa qariyb 70 foizga keng. Sayyora umumiy tarkibi va harorati jihatidan Yerga o‘xshasa-da, bir qator muhim farqlarga ham ega. Xususan, u o‘z yulduziga doimo bir tomoni bilan qarab turadi, unda suv miqdori ancha ko‘p bo‘lishi hamda atmosferasi Yernikidan sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
2017 yilda kashf etilgan LHS 1140b Kit yulduz turkumidagi kichik qizil mitti yulduz atrofida aylanadi. Ushbu yulduz Quyoshga nisbatan kichikroq va xiraroq bo‘lsa-da, energiyasining katta qismini ionlashtiruvchi nurlanish ko‘rinishida chiqaradi.
Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, LHS 1140b yashash uchun zarur asosiy omillarga ega. U toshsimon sayyora hisoblanadi, harorati suyuq suv mavjudligiga imkon beradi, atmosferasi esa suvning kosmosga chiqib ketishini cheklaydi va yuzani zararli nurlanishdan himoya qiladi. Shuningdek, uning yulduzi nisbatan tinch bo‘lib, kuchli chaqnashlar kam kuzatiladi.
Olimlar shu tizimdagi yana bir toshsimon sayyora — LHS 1140c da esa atmosfera aniqlanmaganini ma’lum qildi.
Tadqiqot doirasida LHS 1140b o‘z yulduzi oldidan o‘tayotgan paytda Chilidagi Las-Kampanas observatoriyasida joylashgan Magellan Clay teleskopiga o‘rnatilgan infraqizil spektrograf yordamida kuzatuvlar o‘tkazilgan. 2024 yilda yig‘ilgan ma’lumotlar sayyoradan kosmosga chiqib ketayotgan geliy gazini qayd etgan.
Cherubimning aytishicha, tadqiqotchilar Yer atmosferasi ta’siri kabi barcha ehtimoliy omillarni ham tekshirib chiqqan. 2025 yilda o‘tkazilgan kuzatuvlarda geliy qayta aniqlanmagan bo‘lsa-da, olimlar ilk natijalarni qayta tahlil qilib, soxta ijobiy xulosalar ehtimolini rad etgan.
Oksford universiteti astrofizika professori Jeyn Birkbi mazkur natijani muhim ilmiy yutuq deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, qizil mitti yulduzlar koinotda eng ko‘p uchraydigan yulduzlar bo‘lib, ular atrofidagi yashash uchun qulay hududlarda joylashgan toshsimon sayyoralar hayot izlash uchun eng istiqbolli manzil hisoblanadi. Biroq bunday yulduzlarning yuqori faolligi sayyora atmosferasini yo‘q qilishi mumkin.
Professor fikricha, LHS 1140b atrofida atmosfera mavjudligi tasdiqlangani qizil mitti yulduzlar tizimida yashash sharoitlari qanday bo‘lishi mumkinligini tushunish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Shuningdek, atmosfera signali vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turishi ham olimlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Birkbi bu holat ekzosayyora atmosferasining yulduzdan kelayotgan kuchli ultrabinafsha nurlanishga qanday javob berishini tushunishga yordam berishini, bu esa o‘z navbatida sayyorada hayot paydo bo‘lishi ehtimoli va uning qanday himoya mexanizmlarini shakllantirishi mumkinligi haqidagi savollarga javob topishga xizmat qilishini qayd etdi.






