Undа nuroniylar, yoshlar va faollar qatnashdi. Davlat rahbari yig‘ilganlarni samimiy qutlab, viloyat ahli bilan yana bir bor diydor ko‘rishib turganidan mamnunligini bildirdi.
Qayd etilishicha, yaqin yillargacha katta iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega Toshkent viloyatining o‘z ma’muriy markazi mavjud bo‘lmagan. Qisqa vaqt ichida Nurafshon shahri yangidan barpo etilib, bu yerda zamonaviy ma’muriy, ijtimoiy va madaniy infratuzilma shakllantirilgan.
Shaharda “Yangi O‘zbekiston” va “Vatanparvar” bog‘lari, matonatli o‘zbek ayoli Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi, xiyobonlar, sun’iy ko‘l, amfiteatr va favvoralar, keng yashil hududlar, velosiped hamda piyodalar yo‘laklari barpo etilgan.
“Bu yerdagi har bir korxona, har bir ko‘cha va bino, maydon va xiyobon serg‘ayrat, mehnatkash va fidoyi viloyat ahli bilan birgalikdagi ishlarimizning natijasidir”, dedi Prezident.
Ta’kidlanganidek, bugun Nurafshon shahri Yangi O‘zbekiston timsoli sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shahar nomi “nur sochuvchi”, “ziyo tarqatuvchi” degan ma’nolarni anglatadi. Shu bois Nurafshon o‘zining zamonaviy qiyofasi, taraqqiyoti, madaniyati, boshqaruvi va inson qadriga bo‘lgan munosabati bilan ham boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Nurafshon mamlakatda “aqlshahar” modeli asosida barpo etilayotgan birinchi shahar sifatida ham tarixga kirmoqda. Bu yerda raqamli boshqaruv, intellektual transport, energiya tejamkor texnologiyalar, madaniy maskanlar va ekologik infratuzilma yagona tizimga birlashtirilmoqda.
Davlat rahbari Nurafshonni ilm-fan, yuksak texnologiyalar va yoshlar shahriga aylantirish asosiy maqsad ekanini ta’kidladi. Shaharda ming o‘rinli madaniyat saroyi, Badiiy akademiyaning viloyat bo‘limi, Sun’iy intellekt markazi, Axborot-resurs kutubxonasi va Kasblar markazini o‘z ichiga olgan zamonaviy “Yoshlar shaharchasi” bunyod etilmoqda.
Shu kuni 35 gektar maydonda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Mazkur majmua sun’iy intellekt va raqamlashtirish markaziga aylanib, unda ilmiy-tadqiqot markazlari hamda yuqori texnologik laboratoriyalar tashkil etiladi.
“Nurafshon biznes siti” loyihasi doirasida ma’muriy, biznes, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va turar joy hududlari o‘zaro uyg‘un holda rivojlantirilmoqda. Jumladan, 700 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida telemeditsina va robototexnika yordamida 60 dan ziyod yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.
Sharq bozori, hunarmandchilik ko‘chalari, milliy pavilyonlar, amfiteatr va zamonaviy dam olish maskanlarini qamrab olgan turistik-madaniy majmua ham Nurafshonning tashrif qog‘oziga aylanadi.
Tadbirda Toshkent viloyati mamlakat iqtisodiyotining yirik tayanch hududlaridan biri ekani qayd etildi. Respublika yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizi viloyat hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi besh yilda hududga 16 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 3 mingtaga, eksport hajmi esa 3 milliard dollarga yaqinlashgan.
Prezident viloyatni Toshkent shahri bilan yagona iqtisodiy va transport makoni sifatida rivojlantirishga doir yangi loyihalar haqida ham so‘z yuritdi. Poytaxt bilan bog‘lovchi jamoat transporti yo‘nalishlari kengaytirilib, Toshkent – Nurafshon yo‘nalishida zamonaviy poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
“Siz, aziz Toshkent viloyati faollari, tadbirkor va fermerlar, ziyolilar, nuroniylar va serg‘ayrat yoshlar bilan birgalikda bu zaminni yanada yashnatamiz, mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam va qudratli tayanchiga aylantiramiz.
Men bunga qat’iy ishonaman va Prezident, davlat rahbari sifatida butun xalqimiz qatori Toshkent viloyati aholisining tinch, farovon, baxtli hayot kechirishi uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatimni safarbar etaman”, dedi davlat rahbari.
Tadbir madaniy dastur bilan davom etdi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyevning Nurafshonga safari yakunlanib, davlat rahbari Toshkentga qaytib keldi.






