Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda qayd etilishicha, mamlakatda aholi soni va turistlar oqimi ortib borayotgani oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda go‘shtga bo‘lgan yillik ehtiyoj 2 million 150 ming tonnani tashkil etsa, ishlab chiqarish hajmi 1 million 600 ming tonna atrofida qolmoqda. Shu munosabat bilan 2026–2028 yillarda sohani jadal rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Rejaga ko‘ra, faoliyati to‘xtab qolgan 103 ta chorvachilik korxonasi qayta tiklanadi. Ularga qarzlarni restrukturizatsiya qilish, ozuqa yetishtirish uchun yer ajratish va naslli chorva mollari bilan ta’minlash choralari ko‘riladi. Bu orqali 33 ming bosh qoramol parvarishlanib, har yili qo‘shimcha 12 ming tonna go‘sht va 40 ming tonna sut ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, chorvachilikka ixtisoslashgan 13 ta tumanda ozuqa bazasini mustahkamlash, kichik loyihalarni moliyalashtirish, sut qabul qilish punktlari va ozuqa savdo shoxobchalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Aholi xonadonlarida yengil konstruksiyali 11 mingta molxona qurilib, ularda 421 ming bosh qoramol parvarishlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, umumiy qiymati 3 trillion so‘m bo‘lgan 802 ta investitsiya loyihasi doirasida 68 ming boshdan ziyod qoramol hamda 186 ming bosh qo‘y va echki boqiladi. Loyihalar amalga oshirilishi natijasida har yili qo‘shimcha 20 ming tonna go‘sht va 120 ming tonna sut ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda Qoraqalpog‘istondagi chorvachilik komplekslari faoliyati sun’iy intellekt yordamida tahlil qilingani ham ma’lum qilindi. O‘rganilgan 20 ta kompleksning qarzdorligi 109,6 milliard so‘mni tashkil etgani, ularning yarmi yuqori xavf toifasiga kiritilgani qayd etildi. Shu munosabat bilan qarz yukini kamaytirish, ozuqa bazasini yaratish va komplekslarni bosqichma-bosqich qayta ishga tushirish taklif qilindi.
Shuningdek, Mo‘g‘ulistondan 150 ming bosh qo‘y, Xitoy va Yevropa davlatlaridan 100 ming bosh naslli qoramol hamda Belarus Respublikasidan 2 ming bosh mol import qilish rejalashtirilmoqda. Bu hisobdan yiliga qo‘shimcha 44 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Umuman olganda, chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun 463 million dollar mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda aholi xonadonlarini qo‘llab-quvvatlash choralari ham muhokama qilindi. Xususan, chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarda arzon chorva mollarini yetkazib berish, sun’iy urug‘lantirish, em-xashak ta’minotini yaxshilash, veterinariya xizmatlari sifatini oshirish va nasldor buzoqlar uchun subsidiyalar ajratish taklif etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston chorvadorlar uyushmasini tashkil etish hamda fermerlar uchun "Smart Fermer" yagona raqamli platformasini ishga tushirish rejasi ko‘rib chiqildi. Yangi platforma orqali chorva mollarini ro‘yxatdan o‘tkazish, veterinariya chaqirish, sun’iy urug‘lantirish xizmatiga buyurtma berish, subsidiyalar uchun murojaat qilish va sun’iy intellekt asosida maslahat olish imkoniyati yaratiladi.
Parrandachilik sohasida esa umumiy qiymati 432 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish orqali 2028 yilgacha qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish, ozuqa-yem quvvatini 3,3 million tonnaga yetkazish va zamonaviy so‘yish tizimi qamrovini 20 foizdan 50 foizgacha oshirish maqsad qilingan.
Taqdimot yakunida Prezident loyihalarning iqtisodiy samaradorligini chuqur tahlil qilish, mablag‘larni manzilli yo‘naltirish, raqamli monitoring tizimini joriy etish hamda ichki bozorni sifatli va hamyonbop oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.






