2002 yilgi Jahon chempionati g‘olibi va "Oltin to‘p" sohibi Ronaldinyo Fransiyaning "Monako" basketbol klubiga sarmoya kiritishi va jamoani sotib olishi mumkin. Bu haqda "L'Equipe" xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, "Monako" hozirda jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu munosabat bilan Ronaldinyo 10 avgust kuni klub bosh menejeri Aleksey Yefimovga maktub yo‘llab, Andorraning Clayton Sports investitsiya fondi ko‘magida jamoaga sarmoya kiritish niyati borligini bildirgan.
Qayd etilishicha, Ronaldinyoning rejasi amalga oshsa, u "Monako" basketbol klubining yangi investorlaridan biriga aylanishi mumkin.
"Monako" uch karra Fransiya chempioni bo‘lgan. Jamoa, shuningdek, mamlakat chempionatining amaldagi g‘olibi hisoblanadi. Klub ikki marta Fransiya Kubogini va bir marta Yevropa Kubogini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Ronaldinyo 2003–2008 yillarda "Barselona" safida to‘p tepgan. U kataloniyaliklar bilan ikki marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan va Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgan.
Braziliyalik futbolchi faoliyati davomida "Pari Sen-Jermen", "Milan", shuningdek, "Flamengo", "Atletiko Mineyro", "Gremio" va "Fluminense" klublarida ham o‘ynagan.
Ronaldinyo Braziliya terma jamoasi bilan 1999 yilda Amerika Kubogida g‘olib chiqqan. 2002 yilda esa jamoasi bilan Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.






