Markaziy bank mehnat migratsiyasi geografiyasi kengayib borayotganini ham qayd etgan.
Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning eng ko‘pi Rossiya hisobiga to‘g‘ri keladi. U yerda 834,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda.
Shuningdek, Yevropa davlatlarida 258 ming, Qozog‘istonda 84,4 ming, Turkiyada 72,1 ming va Janubiy Koreyada 46,4 ming nafar o‘zbekistonlik ishlamoqda. Yana 97,7 ming nafar fuqaro boshqa davlatlarda mehnat qilmoqda.
Mehnat migrantlarining 398,9 ming nafari yoki 28,6 foizini ayollar tashkil etadi. 402,1 ming nafar yoki 28,9 foizi esa yoshlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, migratsiya yo‘nalishlarida ham o‘zgarish kuzatilgan. MDH davlatlariga yo‘nalgan migratsiya oqimi 29 foizga kamaygan bo‘lsa, Yevropa davlatlari yo‘nalishida 42 foizga, Sharqiy Osiyoda esa 26 foizga o‘sish qayd etilgan.
Markaziy bankka ko‘ra, mehnat migratsiyasiga ta’sir qiluvchi asosiy iqtisodiy omillardan biri O‘zbekiston va xorijdagi mehnat bozorlaridagi ish haqi o‘rtasidagi farqdir.
Shu bilan birga, 2026 yil boshidan buyon 124,5 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijda yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga joylashtirilgan.
Kelgusida muhandislik, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, infratuzilma qurilishi, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, axborot texnologiyalari, turizm hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida xorijiy ish beruvchilarning O‘zbekiston ishchi kuchiga talabi ortishi kutilmoqda.






