Ko‘plab tadbirkorlar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilish aylanma mablag‘larni qisqartirib yuborayotganini bildirgan. Shu bois endi ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan hamda to‘lov intizomini buzmagan korxonalar uchun avans to‘lovi 15 foiz etib belgilanadi.
“Umuman, energetika bo‘yicha boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartiryapmiz. Barcha tumanlarda tadbirkorlarning hozirgi ehtiyoji va ertangi rejasiga qarab ishlaydigan yangi tizim bo‘ladi”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Qurilish sohasida ham yangi yondashuv joriy etiladi. Kelasi yildan pudratchi va loyihachi korxonalarning o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida yangi tartib ishga tushiriladi.
Qurilish ob’ekti qayerda joylashganidan qat’i nazar, har bir ishchi-soat uchun eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida mablag‘ rejalashtiriladi.
Davlat ob’ektlari smetasida pudrat korxonalari uchun 7 foiz miqdorida foyda ko‘zda tutiladi. Qurilishning murakkabligiga qarab, loyihalash ishlariga ob’ekt qiymatining 4–7 foizigacha mablag‘ ajratiladi.
Davlat rahbari uchinchi yo‘nalish sifatida “sun’iy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish vazifasini belgiladi.
“Bugun qaysi tadbirkor qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirsa, sun’iy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx bo‘yicha izlansa, ertangi bozor uniki”, dedi Prezident.
Tahlillarga ko‘ra, zamonaviy boshqaruv va sun’iy intellekt yondashuvlarini joriy qilgan tadbirkorlarning 54 foizida mahsulotga talab keskin ortgan. Ularning 25 foizida tannarx kamaygan, 40 foizida esa daromad o‘sishi hisobiga ishchilarning oylik maoshi 10 foizdan ko‘proq oshgan.
Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi. Kelasi yilda uning quvvati 3 baravar oshiriladi.
Shuningdek, “10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” dasturi boshlanadi. Unga ko‘ra, korxonalarga sun’iy intellektni joriy qilish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Yangi mahsulot uchun sun’iy intellekt modelini yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Ilmiy-tadqiqot xarajatlari ham byudjetdan qoplanadi.
Tadbirkorlar foydalanishi uchun tayyor sun’iy intellekt dasturlari ochiq platformaga joylashtiriladi. Dasturning birinchi bosqichiga kamida 100 million dollar ajratiladi.
To‘qimachilik sanoatidagi tajriba elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoatiga ham tatbiq etiladi. Ushbu korxonalarda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.






