AsosiyDUNYO

Netanyahu Trump bilan ochiq to‘qnashuvga borishi mumkin

Ayni paytda Netanyaxuning Tramp bilan munosabatlari ham avvalgidek mustahkam emasligi aytilmoqda.

'Netanyahu Trump bilan ochiq to‘qnashuvga borishi mumkin'ning rasmi

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSh Prezidenti Donald Tramp ma'muriyati bilan G'azo va Livan masalalarida ochiq qarama-qarshilikka borish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda. Bu haqda "Al-Monitor" xabar berdi.

Nashrning Isroildagi siyosiy manbalariga ko'ra, Netanyaxu AQSh ma'muriyatining bosimi ostida G'azo bo'yicha Vashington rejasini ilgari surishga rozi bo'lgan. Biroq Isroil HAMASni xalqaro barqarorlashtirish kuchlari tomonidan qurolsizlantirilishiga ishonch bildirmayapti.

Ma'lum qilinishicha, Netanyaxu va Trampning maxsus vakili, shuningdek, kuyovi Jared Kushner o'rtasidagi uchrashuvda G'azoga oid 15 banddan iborat reja muhokama qilingan. Tomonlar Isroil hozir nazorat qilayotgan, hududning 50 foizidan ko'prog'ini tashkil etuvchi joylardan qo'shinlarini hozircha olib chiqmasligiga kelishgan. Shu bilan birga, Isroil HAMASga faqat o'z xavfsizligiga bevosita tahdid yuzaga kelgan taqdirdagina hujum qilishi belgilangan.

"Al-Monitor" yozishicha, ushbu kelishuvlar asosan siyosiy zarurat bilan bog'liq. Xususan, Isroilda oktyabr oyida umumiy saylovlar, AQShda esa oraliq saylovlar o'tkazilishi kutilmoqda.

Nashr manbalaridan birining ta'kidlashicha, Netanyaxu "jar yokasida" turibdi va G'azo hamda Livan masalalarida AQSh ma'muriyati bilan to'g'ridan to'g'ri to'qnashuvga borish yoki bormaslik haqida qaror qabul qilishi kerak.

Ayni paytda Netanyaxuning Tramp bilan munosabatlari ham avvalgidek mustahkam emasligi aytilmoqda. Isroildagi saylovlar arafasida Bosh vazir AQSh Prezidenti bilan ochiq qarama-qarshilikka borish milliy xavfsizlik manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan uning "Likud" partiyasi reytingiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi mumkin, deb hisoblayotgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, Kushner bilan so'nggi uchrashuvda Netanyaxu HAMAS qurolsizlantirilmaguncha Isroil qo'shinlarini G'azodan olib chiqish mumkin emasligi haqidagi pozitsiyasini saqlab qolgan.

"Al-Monitor" manbasiga ko'ra, hozircha har ikki tomon ham muayyan ilgarilashga erishgan: Tramp Isroil va HAMAS o'rtasidagi mojaroni to'xtatish bo'yicha erishilgan natijani saqlab qolishga, Netanyaxu esa Knesset saylovlarigacha Isroil qo'shinlarini olib chiqish sharti sifatida HAMASning qurolsizlantirilishini talab qilishga intilmoqda.

    Boshqa yangiliklar