AsosiyJAMIYAT

Qozog'istonda shirinlik sabab vafot etgan o'zbekistonlik kelin 17 yoshida uyidan olib ketilgan

Marhumaning onasi advokat Inga Imanbay bilan birga bloger Jan Axmadiyevga intervyu bergan.

'Qozog'istonda shirinlik sabab vafot etgan o'zbekistonlik kelin 17 yoshida uyidan olib ketilgan'ning rasmi

Qozog’istonda eri bilan shirinlik sabab kelib chiqqan janjaldan so’ng vafot etgan o’zbekistonlik Madina Avezovaning onasi qizining oilaviy hayoti haqida gapirdi. Uning aytishicha, Madina 17 yoshida homilador holda uyidan olib ketilgan. Bu haqda "Qumash.kz" xabar berdi.

Marhumaning onasi advokat Inga Imanbay bilan birga blogger Jan Axmadiyevga intervyu bergan.

Uning so’zlariga ko’ra, qizini Madiyar 17 yoshida uyidan olib ketgan. O’sha vaqtda Madina homilador bo’lgan.

"Qizim sevib qolgani uchun turmushga chiqqan", dedi marhumaning onasi.

Ayolning ta’kidlashicha, qizini o’sha paytda uyiga qaytarib olmagani uning eng katta afsusi bo’lib qolgan. Shuningdek, u Madinaning o’z joniga qasd qilganiga ishonmasligini aytgan.

Onasining so’zlariga ko’ra, qizining tanasida ko’karish va tirnalish izlari bo’lgan. Uning sochlaridan esa tuproq va somon chiqqan. Shu sababli ayol huquq-tartibot organlaridan voqeani har tomonlama va xolisona tergov qilishni so’ragan.

Marhumaning onasi Madina va Madiyarning nikohi to’y bilan boshlanmaganini ham aytdi. Uning ta’kidlashicha, ikki oila o’rtasida to’y yoki qudalik marosimi o’tkazilmagan, faqat yuz ochdi marosimi bo’lgan.

Ayol ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Madiyar oilasining moddiy ahvoli haqidagi ma’lumotlarni ham rad etdi. Uning aytishicha, Madiyar oilasiga muntazam ravishda moliyaviy yordam ko’rsatib turgan.

Jumladan, Madiyarning otasi qamoqqa tushganida Madina onasidan 700 ming tenge so’ragan va ayol bu mablag’ni bergan. Bundan tashqari, Madina bir necha marta mebel va maishiy texnika xarid qilish uchun onasidan yordam so’ragan. Tug’ilgan kunida esa onasi unga muzlatkich olish uchun pul bergan.

Bloger Jan Axmadiyevning aytishicha, Madinaning yaqinlari uning buyumlarini erining uyidan olib ketmoqchi bo’lganida, ularga ashyolar berilmagan. Qarindoshlariga ushbu buyumlar endi Madiyarning oilasiga tegishli ekani aytilgan.

Madina oiladagi yagona farzand bo’lgan. U joriy yilning 18 avgust kuni 19 yoshga to’lishi kerak edi.

    Boshqa yangiliklar