Shu davrda 2 million 616 ming nafar fuqaroning daromadi oshirildi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 25 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishida ma’lum qildi.
Yig‘ilishda "O‘zbekiston — 2030" strategiyasini "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili"da amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturining 2026 yil birinchi yarmidagi ijrosi muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida 2 756 ta mahalla "kambag‘allikdan xoli" hududga aylantirilgan. "Ijtimoiy reestr"ga kiritilgan 227 mingta kambag‘al oilaga daromadini oshirishga qaratilgan 300 mingta xizmat ko‘rsatilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida ishsizlik darajasi yil boshidagi 4,8 foizdan 4,5 foizga tushgan. Kambag‘allik darajasi ham 4,5 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, 546 ming nafar norasmiy band fuqaroning faoliyati legallashtirilgan. Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, ular orqali 246 ming nafar aholining bandligi ta’minlangan.
Iqtisodiy o‘sish 8,5 foizni tashkil etdi
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining real o‘sish sur’ati 8,5 foizni tashkil etgan. YaIM hajmi 1 072,7 trillion so‘mga yetgan.
Hisobot davrida sanoatda 8 foiz, xizmatlar sohasida 9,2 foiz, qurilishda 13,7 foiz, qishloq xo‘jaligida esa 4,7 foiz o‘sish qayd etilgan.
Davlat byudjeti xarajatlari 205,6 trillion so‘mni tashkil etgan. Shundan 105,8 trillion so‘m ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan.
Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga 28,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foiz ko‘p. Uning 26 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Mamlakat eksporti esa birinchi marta 15,9 milliard dollarga yetgan.
37,8 mingta yangi kichik biznes subyekti tashkil etildi
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash doirasida qariyb 37,8 mingta yangi kichik biznes subyekti tashkil etilgan.
Savdo-sanoat palatasining tuman va shahar bo‘limlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga qariyb 70 mingta biznes xizmati ko‘rsatilgan.






