Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan 170 ta oliy taʼlim tashkiloti bitiruvchilarining mehnat bozoridagi natijalari tahlil qilindi. Tadqiqot 249 ming 432 nafar bitiruvchini qamrab olgan.
Tahlil natijalariga koʻra, oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida “Bitiruvchilar sifati indeksi” boʻyicha Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi 81,5 ball bilan birinchi oʻrinni egallagan.
Ikkinchi oʻrinni 79,6 ball bilan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali, uchinchi oʻrinni esa 76,3 ball bilan Toshkent shahridagi Webster universiteti markazi qayd etgan.
Tadqiqotda bitiruvchilarning ishga joylashish tezligi, bandlik barqarorligi, daromad darajasi va bandlik shakli asosiy koʻrsatkichlar sifatida baholangan.
Natijalarga koʻra, bitiruvchilarning ishga joylashishi uchun oʻrtacha 3 oy 5 kun vaqt ketgan.
Shuningdek, bitiruvchilarning oʻrtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 million soʻmni tashkil qilgan. Eng yuqori oʻrtacha rasmiy daromad Toshkent shahrida qayd etilgan boʻlib, bu koʻrsatkich 6,6 million soʻmga teng.
“Bitiruvchilar sifati indeksi” ishga joylashish tezligi, bandlik barqarorligi, daromad darajasi va bandlik shaklidan iborat 4 ta asosiy koʻrsatkich asosida shakllantirilgan.






