O`g`il uylantirish, birovning uyidan qiz olish oson ish emas, mas`uliyatli vazifa. Albatta, qiz avval so`rab-surishtiriladi, bo`lajak qudaning oilasi o`rganiladi. Bu azal-azaldan amal qilib kelayotgan odat. Chunki kelin — oilaning tinchligi, saranjomligi, totuvligi, avlodning sog`lomligidir. Lekin shu azaliy odat zamonamiz zayli bilan o`zgardi, ya`ni zamonaviylashdi. Quyida ana shu zamonaviylashgan qiz tanlash jarayoni, ya`ni telefon orqali bo`lajak kelinni surishtirish haqida gaplashamiz.
Ortiqcha ovoragarchilikka ne xojat?
— O`g`limga qiz qidiraverib charchab ketdim. Boshida sovchilikka jon deb borardim. Ammo bir yilda 30 ta qizni ko`rib, birontasini yoqtirmagach, hafsalam pir bo`ldi: qizning uy-joyi, onasi, tag-zoti yoqsa, uchrashuvga olib chiqaman derdim. Lekin aynan shunday mening talablarimga mos kelgan qizlarni o`g`lim yoqtirmadi. Tushunaman, ko`ngil jiz etishi kerak, yigit kishiga qizning tashqi ko`rinishi ham muhim. Shu sababli sovchilikka borish tartibimni o`zgartirdim: avval telefon qilib qizning tashqi ko`rinishini, bo`y-bastini so`rayman, ma`qul kelsa boraman. Axir, sovchi keladi deb qiz tomon ham besaranjom bo`ladi, 4 ta non, meva-cheva oladi. Ortiqcha xarajatga chek qo`yish uchun endi qizning onasi bilan telefonda gaplashadigan bo`ldim. To`g`ri tushunsa tushundi, tushunmasa, o`zi biladi: unday oiladan men ham qiz olmayman.
Mohira aya
Ilgari ayollar ko`chama-ko`cha yurib qiz surishtirishgan, to`y-hashamlarda qizlarni ko`rib, bo`y-basti, jismoniy salomatligini baholashgan, kuyovga mos keladimi-yo`qmi degan savolga javob izlashgan bo`lsa, endi texnologiyalar asrida bu ish ancha osonlashdi. Shunday telefon qilib qizning onasidan bo`yi, yoshi, oq-sariqdan kelgani yoki qormag`izligini va boshqa jihatlari so`rab olishadi. Uyma-uy yurishning ham, ma`lum joylarda «qizko`rar» uyushtirishning ham keragi yo`q. Shu jihatdan onaxonimiz haq. Faqat bu yangilik hamma qizlarimizning onalariga xush kelayotgani yo`q. Axir, qizi borning nozi bor-da. Bu usul nafaqat qizni surishtirish, balki onasini ham sinovdan o`tkazishdir. Qani, bo`lajak qudasining yaxshi niyatlarini tushunarmikan, u bilan shu masalada fikri bir joydan chiqarmikan? Ko`pincha o`zi avval o`g`il uylantirgan, sovchilikka yurish tajribasi bor ayollar bu vaziyatga to`g`ri baho berishadi va telefon orqali qizlari haqidagi og`zaki ma`lumotnomani yoddan sharillatib aytib tashlashadi. Bu onaxonimizga shunday ayollar mos keladi, shundaylar bilan quda-andachilikni maromiga etkazadi. Demak, o`ziga qulay yo`ldan boraversin.
Dangasalashib ketmayapmiz?
— Qizlik uy — bozor, shoh ham keladi, gado ham. Ammo zamonamiz yigitlarining onalari juda dangasa bo`lib ketishganmi, bilmadim. Sovchilikni telefon orqali amalga oshirib qo`yaqolishayapti. Tunov kun bittasi qo`ng`iroq qilib qizimning bo`yi va vaznini so`rayapti. Allaqanday formulaga solib hisoblarmish, koeffisent chiqararmish-da, shu koeffisient uning talabiga mos kelsa, keyin sovchilikka kelarmish. «Men qiz uzatmoqchiman, mol sotmayapman!» dedim. Duch kelgan odamga qizim haqida ma`lumotni ko`rmay-bilmay telefonda aytib yuboraveramanmi? Niyati yaxshi bo`lsa, kelib bir piyola choy ustida o`zimni va qizimni ko`rib ketmaydimi? Hozir nima ko`p – mashina ko`p. Zamon mobillashib ketgan. Bu ketishda to`yniyam telefon orqali o`tkazmasak bo`ldi...
Nigora opa
Onalar qizlarini kimning qo`liga topshirayotganlarini bilishni istaydilar, garchi sovchilar avvaldan tanish bo`lsa ham. Albatta, qo`ng`iroq qilib qiz haqida ma`lumot so`rashning yomon joyi yo`q. Bunda ikki tomon ortiqcha yugur-yugur va xarajatlardan xalos bo`ladi. Qizning yoshi, ma`lumoti, bo`y-basti haqidagi ob`ektiv ma`lumotlar so`raladi, xolos. Shu tarafdan telefon orqali qiz surishtirishni ma`qul ko`rayotganlarni tushunsa bo`ladi. Lekin qaysi ona qizi haqida xolis gapira oladi? Axir, qo`ng`iz ham bolasini oppog`im degan-da... Demak, baribir surishtirganlaringiz to`liq va to`g`ri bo`lmaydi, o`z ko`zingiz bilan ko`rishga to`g`ri keladi. Boshqa tomondan, ayollarimiz qiz tanlashda shu yuzaki suhbatlargagina tayanib qolayotganlari qanchalik to`g`ri? Olaylik, qiz ular istagandek oppoqqina emas, sal qoramag`izdan kelgan. Bu uning xunukligini yoki boshqa biron sabab bilan kuyovbolaga mos emasligini bildiradimi? Telegram orqali rasm so`rash esa umuman o`zini oqlamaydigan variant. Kim jigarporasining rasmini tanimagan odamiga berib yuboradi? Ertaga nima maqsadda u rasmdan foydalanishini bilmaydi-ku. Shu sababli telefon orqali qiz surishtirish naqadar qulay bo`lmasin, samarali va eng ma`qul usul sifatida ko`rilmaydi. Baribir, onalar qizlarini maqtaydilar yo qizini so`rab eshikdan kirib kelishni lozim topmagan inson bilan qudachilik qilishni istamaydilar. Xo`sh, unda nima qilish kerak? Agar qizning tashqi ko`rinishi muhim bo`lsa, uni o`qiydigan yo ishlaydigan joyiga borib zimdan kuzatish mumkin. O`sha erdan to`liq va xolis ma`lumotlarni olsa ham bo`ladi. Birdaniga uch-to`rt qizni ko`rib, o`g`lingizning tanlov imkoniyatini kengaytirsangiz ham bo`ladi. Bir so`z bilan aytganda, texnologiya naqadar rivojlanmasin, baribir bo`lajak kelinni bevosita ko`rishdan a`lorog`i yo`q.
Tashqi ko`rinish borasida esa aynan zamonaviy texnologiyalar yigitlarni va ularning onalarini aldab qo`yishi mumkin. Hozirgi qizlar piling, konturing va yana allambalo ...inglar vositasida yuzlarining rangini ham, shaklini ham o`zgartirib olayaptilarki, endi oltinni misdan ajratish oson bo`lmayapti.
Baxt chiroyda emas!
— Bir dugonam qizi qoramag`izgina bo`lgani uchun uzatolmay o`tiribdi. Sovchilar qo`ng`iroq qilib nuqul «Qizingiz oppoqqinami?» deb so`rasharmish. Nima, oppoq qizlarning shoxi bormi-a, hamma oppog`ini qidiradi. Nega hech kim aqli, es-hushi, ilmi yo hunari bilan qiziqmaydi? Hammaga husni, bo`y-basti, boyligi kerak. Keyin kelinim nobop chiqdi deb nolishadi. Axir husniga uchgan, o`g`lingizning ko`zini ochish o`rniga «Chiroylisi bo`lsa bo`ldi» deb kelin qilgan o`zingiz-ku. Mening 3 ta qizim ham qoramag`iz, ammo uchovining ham baxti ochilib, tinib-tinchib ketishdi. Ularga «Sen go`zalsan, o`sha rangi dokadek oppoq qizlardan kam joying yo`q, asl go`zallik ko`ngilda bo`ladi, iching chiroyli bo`lsa, ko`zlaring yonib turadi» deb o`rgatganman. Ularni ilmli va chaqqon qilib tarbiyalaganman. Aytishadi-ku, husn to`yda, ilm kunda kerak deb. Telefon orqali bunday ma`lumotlarni so`raganlarni esa bama`ni odamlar deb o`ylamayman. Undan ko`ra, ana, tanishuv saytlaridan qiz qidiraqolishsin. O`sha so`ragan ma`lumotlari qizlarning anketasida turibdi. Asl qizlarni ko`rib, bilib, gaplashib olish kerak. Shunday qizlar bo`ladiki, bir qarashda ko`rimsiz tuyulsa ham, 5 daqiqa gaplashsang, ichingga issiqlik va nur olib kiradi. Istarasi issiq deyishadi-ku. Qanday qilib istarani telefon orqali bilish mumkin?
Zulfiyaxon
Bu gaplarga qo`shilmay ilojing yo`q. Afsuski, ayollarimizning qiz tanlashdagi mezonlari noto`g`ri va ko`pincha buzuq bo`lib chiqayapti. Hammaga dang`illama uyda yashaydigan chiroyli va boy qiz kerak. O`qimishli, iboli, o`zini ko`z-ko`z qilmaydigan kamtar qizlar esa uzoq vaqt baxtini topa olmay yuradi. Keyin onalar «Hozirgi qizlar falon, pismadon, ibosi yo`q, ko`zingga tik qaraydi» deb nolib yurishadi. Talabga yarasha taklif-da. Erga qarab ibo bilan yuradigan, o`zini ko`z-ko`zlamaydigan qizlarni ilg`ay olasizmi? Zag`chadek yaltir-yultirga uchmay, qat-qat tuproq tagidagi oltinni topa bilasizmi? Shunday qilmas ekansiz, zamonamiz qizlari uchun ham faqat tashqi ko`rinish muhim bo`lib qolaveradi. Sepli emas, epli qizga xaridor bo`lish kerak. Epli qizni esa na telefonda surishtirib, na dang`illama hovli-joydan mo`ljal olib topish mumkin. Yaxshi qizlarni kelin qilish uchun tom ma`noda yaxshi qizlar qanday bo`lishi kerakligini sovchilarimizning o`zlari ham bilishlari kerak.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA





