AsosiyDUNYO

Yaponiyada noqonuniy migrantlar ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatiladi

Asosiy eʼtiborni hujjatlarsiz ishlayotgan migrantlarni yollayotgan ish beruvchilarga qarshi kurashga qaratmoqda.

'Yaponiyada noqonuniy migrantlar ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatiladi'ning rasmi

Yaponiya hukumati noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirmoqda. South China Morning Post nashrining xabar berishicha, mamlakat Immigratsiya xizmati kelgusi yilga qadar ijtimoiy tarmoqlar va onlayn platformalarni monitoring qiluvchi maxsus bo‘linma tashkil etishni rejalashtirgan. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi tuzilma noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xorijliklar hamda vizasi muddati tugaganiga qaramay mamlakatda qolayotgan shaxslar haqida ma’lumot to‘playdi.

Rasmiylar asosiy e’tiborni hujjatlarsiz ishlayotgan migrantlarni yollayotgan ish beruvchilarga qarshi kurashga qaratmoqda. Shu maqsadda xorijiy tillardagi ish e’lonlari va noqonuniy bandlikka oid ma’lumotlarni aniqlash uchun zamonaviy tahliliy vositalardan foydalanish rejalashtirilgan.

SCMP ma’lumotiga ko‘ra, Tokio shimoli-sharqida joylashgan Ibaraki prefekturasida noqonuniy immigrantlarni ishga olgan kompaniyalar haqida xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirish dasturi ham ishga tushirildi. Agar murojaat orqali qonunbuzarlik holati tasdiqlansa, xabar beruvchiga 10 ming iyen miqdorida mukofot to‘lanadi.

Qayd etilishicha, Yaponiyada ishchi kuchi tanqisligi sabab xorijiy ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Hukumat statistikasiga ko‘ra, mamlakatda qonuniy mehnat faoliyati olib borayotgan xorijliklar soni 2025 yilda 2,57 million kishiga yetgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 11,7 foizga ko‘pdir.

Shu bilan birga, Yaponiyaga sayyohlik oqimi ham o‘sishda davom etmoqda. Yaponiya Milliy turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiyadan kelgan sayyohlar soni qariyb 195 ming nafarni tashkil etgan.

    Boshqa yangiliklar