AsosiyJamiyat
4965

​O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi

'​O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi'ning rasmi

O`zaro kelishuvga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev o`rtasida 24 aprel kuni telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o`zaro manfaatli hamkorlik faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar, deb yozadi O`zA.

2017 yilning 22-23 mart kunlari Ostona shahrida bo`lib o`tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar O`zbekiston – Qozog`iston o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini amaliy mazmun bilan boyitdi va o`zaro hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab berdi.

Tomonlar yaqin yillarda qulay sharoitlar yaratish, biznes sub`ektlari o`rtasida bevosita va uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o`rnatishga ko`maklashish, transport-kommunikasiya va tranzit salohiyatini oshirish hisobidan o`zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga etkazish haqidagi mo`ljalni tasdiqladilar. Hududlararo, avvalambor, chegaraoldi hududlar o`rtasida aloqalarni yanada kengaytirish, madaniy-gumanitar munosabatlarni faollashtirish qo`llab-quvvatlandi.

Ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiya o`zaro hamkorlikning barcha yo`nalishlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi.

Davlat rahbarlari O`zbekiston va Qozog`iston qardosh xalqlarimizning vaqt sinovidan o`tgan o`zaro munosabatlariga amal qilgan holda, bundan buyon ham mamlakatlarimiz barqaror iqtisodiy taraqqiyotini ta`minlashga qaratilgan qo`shma dastur va loyihalarni amalga oshirishni qo`llab-quvvatlashini qayd etdilar.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro siyosatga oid ayrim masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat O`zbekiston – Qozog`iston munosabatlariga xos samimiy va do`stona, o`zaro anglashuv va hurmat ruhida o`tdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar