AsosiyJamiyat

​“O`zbekkino” majburiyatlariga sovuqqonlik bilan qaragan rahbarlarga jiddiy intizomiy choralar ko`rdi

'​“O`zbekkino” majburiyatlariga sovuqqonlik bilan qaragan rahbarlarga jiddiy intizomiy choralar ko`rdi'ning rasmi

Kuni kecha “O`zbekkino” Milliy agentligining 2017 yil 1 chorakdagi faoliyati yakunlariga bag`ishlangan kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Agentlik Bosh direktori Atabek Musaev raisligida o`tgan yig`ilishda Vazirlar Mahkamasi mas`ul xodimlari, tizimdagi korxona-tashkilotlar va hududiy bo`limlarning rahbarlari qatnashishdi.

Yig`ilishda muammo va kamchiliklarni agentlik tizimida kechiktirmasdan va tezkor bartaraf etish, ijro intizomiga so`zsiz rioya qilish borasidagi vazifalar belgilab olindi. O`z lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan qaragan, ijro intizomiga rioya qilish borasida kamchiliklarga muntazam yo`l qo`ygan, joylarda davlat filmlarining targ`ibotini amalga oshirish, aholiga kinonamoyishlarni tashkil qilish ishlariga sidqidilgan yondashmagan bir qator mas`ul rahbarlarga nisbatan jiddiy intizomiy choralar ko`rildi.

Shuningdek, mamlakatimizda kinematografiya san`atini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha choralar ko`rish, ishlab chiqarilayotgan filmlarning badiiy-g`oyaviy saviyasini oshirish, joylarda kinonamoyishlarni tashkil qilish, “O`zbekfilm” AJ va “Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi” MChJning bino-inshootlarini rekonstruksiya va modernizasiya qilish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish kabi ustuvor vazifalar kelishib olindi.

Hisobot davrida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasining 254-bandiga asosan “O`zbekiston Respublikasida kinematografiya san`atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tegishli vazirlik-idoralar bilan kelishilgani hamda ko`rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilgani aytib o`tildi.

Ushbu qarorga asosan agentlik va uning hududiy bo`limlarining yangilangan tuzilmalarini hamda O`zbekiston Respublikasida milliy kinematografiya san`atini yanada rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash, “O`zbekfilm” aksiyadorlik jamiyati va “Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi” mas`uliyati cheklangan jamiyatini “O`zbekfilm” va “Hujjatli filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonalariga aylantirish, “O`zbekkino” Milliy agentligi qoshida Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg`armasini tashkil qilish kabi bir qator vazifalarni belgilab qo`yish nazarda tutilgan.

Boshqa yangiliklar