AsosiyJamiyat

Adliya vazirligining yangi portali ishga tushirildi

'Adliya vazirligining yangi portali ishga tushirildi'ning rasmi

Adliya vazirligi tomonidan yangi — Milliy huquqiy internet portali (http://huquqiyportal.uz) ishga tushirildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ma`lum qildi.

Portalda huquqiy ma`lumotlar, qonunchilikdagi eng so`nggi yangiliklar,  muammoli vaziyatlarga oid savollarga javoblar, odamlar uchun eng zarur huquqiy tavsiyalarning barchasi berib boriladi. 

Mazkur portal Adliya vazirligining 10 dan ortiq axborot tizimlarini, xususan, lex.uz, adliya organlari va muassasalarining rasmiy veb-saytlari, advice.uz, bolahuquqlari.uz portallarini birlashtiradi.

Portalda Toshkent davlat yuridik universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining o`quv kurslari haqida ham ma`lumotlar berilgan. 

Foydalanuvchilar portaldan Adliya vazirligi tizimidagi ta`lim muassasalari, advokatlar va notariuslar xizmatlariga oid e`lonlar, tezkor ishonch telefonlari haqida ma`lumot olishlari mumkin. Shuningdek, portalda huquqiy savodxonlikni oshiruvchi yuridik lug`at va eng zarur huquqiy adabiyotlar elektron maydonchasi ham mavjud.

Mazkur portal aholining huquqiy ongini yuksaltirishda samarali platforma bo`lib xizmat qilishi hamda yagona kirish nuqtasi orqali huquqiy axborotni olish uchun qulay imkoniyat yaratishi shubhasiz.

Ushbu portal Prezidentning 2019 yil 9 yanvardagi PF–5618-son Farmonida nazarda tutilgan vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqildi va ishga tushirildi. 

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar