DXX Farg`ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Dang`ara tumanidagi «Chag`ali» YPX maskanida «Toshkent-Qo`qon» yo`nalishida harakatlanib kelayotgan, Toshkent viloyati Nurafshon shahrida yashovchi «Q.I.» boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashina to`xtatilgan.
Avtomashina ko`zdan kechirilganda, uning salonida bo`lgan Farg`ona viloyati Uchko`prik tumanida yashovchi «H.M.»ning yonida 10 ming dona «Tramadol» tabletkasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. Ma`lum bo`lishicha, mazkur shaxslar ushbu tabletkalarni Qo`qon shahrida sotishni rejalashtirgan.
Shuningdek, Farg`ona viloyatining O`zbekiston tumanida o`tkazilgan boshqa bir tezkor tadbir davomida Qo`qon shahrida yashovchi «A.R.» va «Z.A.»lar «Tramadol» dori vositasini sotayotgan vaqtlarida qo`lga olingan.
Tekshiruvlar davomida «A.R.»ning yonida 1 150 dona, «Z.A.»da esa 800 dona «Tramadol» tabletkasi borligi ma`lum bo`lgan.
Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo`yicha ham zarurchora-tadbirlar ko`rilmoqda.