Taniqli olim, ko`p yillar davomida O`zbekiston bank sohasi rivojiga katta hissa qo`shgan etuk mutaxassis, Markaziy bank raisining sobiq o`rinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori Ashur Qodirov vafoti etdi.
Ashur Qodirov 1953 yilning 23 sentyabrida Buxoro viloyatining G`ijduvon shahrida tug`ilgan. 1974 yil Toshkent xalq xo`jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni tamomlagan.
U Moskva moliya institutida fan nomzodi darajasini qo`lgan kiritgan bo`lgan bo`lsa, doktorlik dissertasiyasini Sankt-Peterburg moliya-iqtisodiyot universitetida professor V.S.Gerashenko rahbarligi ostida himoya qilgan.
Qodirov turli yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Pul muomalasi va kredit” hamda “Xalqaro valyuta va kredit munosabatlari” kafedralarida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Ashur Qodirov 1996 yildan 2006 yilga qadar O`zbekiston Respublikasi Markaziy bank raisi o`rinbosari, 2006-2017 yillarda “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimlarida ishlagan va O`zbekiston bank sohasi rivojiga katta hissa qo`shgan.
Ashur Qodirov umrining so`nggi yillarini yoshlarga ta`lim berishga bag`ishlab, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining O`quv markazi direktori sifatida ham faoliyat yuritgan hamda ko`plab shogirdlarni etishtirgan.
Qodirov shuningdek dolzarb iqtisodiy masalalarga bag`ishlangan qator ilmiy maqolalar muallifi hamdir. Olimning oxirgi ilmiy ishlardan biri 2019 yilning iyulida akademik Sh.A.Ayupov bilan hammualliflikda chop etilgan “Oila iqtisodini boshqarish orqali raqamli iqtisodiyotga o`tish” monografiyasi bo`ldi.
Professor o`zi faoliyat yuritgan barcha jamoalarda nafaqat professional jihatlari, balki insoniy fazilatlari bilan ham katta hurmatga sazovor bo`lgan.
Alloh marhumni rahmatiga olgan bo`lsin, oxiratlarini obod qilsin! Marhumning yaqinlariga sabru jamil ato etsin! Inna lillahi va inna ilayhi roji`un.