Sevimli

Mandarinlar to`kilib yotadigan shahar, kuyovlar bellashuvi sabab yaratilgan muhtasham teatr yoxud "Gladiator" qahramoniga aylanish siri. Bu maskan qaerda? (fotosayohat)

Dunyo 01.02.2021, 23:36
Теглар: Foto, Antaliya, fotosayohat, Aspendos, Perga
Mandarinlar to`kilib yotadigan shahar, kuyovlar bellashuvi sabab yaratilgan muhtasham teatr yoxud "Gladiator" qahramoniga aylanish siri. Bu maskan qaerda? (fotosayohat)

Avval xabar qilganimizdek, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o`zbekistonlik jurnalist va blogerlar uchun Istanbul, Antaliya va Kappadokiya shaharlariga «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasi doirasida navbatdagi sayohat uyushtirildi. Qariyb bir haftadan beri bo`lib o`tayotgan tur Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi Madaniyat va turizm  bo`limi tomonidan ajoyib nazorat ostida olib borilmoqda. Pandemiya davri, karantin tartib-qoidalari inobatga olingan tarzda tashkil etilgan sayohatning esda qolarli manzillaridan biri butun dunyo sayyohlarining sevimli maskani Antaliyada bo`ldi.

Eski shahar, mevali bog`lar yoki "Gladiator" qahramoniga aylanish siri

Antaliya — tarix va zamonaviylik uyg`unlashgan shahar. Uning bir tomoni dunyodagi eng rivojlangan shahar ko`rinishini bersa, boshqa bir go`shasi esa sizni beixtiyor tarixga qaytaradi. Ana shunday tarixiy maskanlardan biri Turkiyaning janubiy qismida, Antaliyadan 35 km uzoqlikda joylashgan qadimiy Aspendos shahri. Tarixda Aspendosning yaratilishi bilan bog`liq afsonalar mavjud: shaharga Troya urushidan keyin folbin Mops yoki Polipet tomonidan asos solingani hikoya qilinadi. Shahar dengiz qirg`og`idan 16 km uzoqlikda qurilgan. O`z davrida shahar forslar, undan so`ng Makedonskiy tomonidan boshqarilgan. Miloddan avvalgi II asrda rimliklar qo`liga o`tgan shahar o`zining eng yuqori cho`qqisiga chiqadi va Pamfiliyaning 3 ta yirik shaharlari qatoriga kiradi. 

Yaxshi iqlim va qulay joy shaharning jadal rivojlanishiga va uning eng yirik savdo markazlaridan biriga aylanishiga yordam bergan. Daryo bo`yida port tashkil etilgan va yaqin atrofda zaytun bog`lari va uzumzorlar barpo etilgan. Hozir ham shaharga tashrif buyurar ekansiz, o`zingizni qadimgi dunyoga tushib qolgandek his qilish bilan birga daraxtlarda shig`il bo`lib, pishib yotgan mandarin, apelsin va limonlari bor bepayon jannatmakon bog`da yurgandek his qilasiz. Buni esa O`zbekistonda yoz mavsumida olcha, o`rik, olxo`ri va olmalarning g`arq pishib, erga to`kilib yotishi ko`rinishiga qiyoslash mumkin. 

Bizga hamrohlik qilgan gidning so`zlariga ko`ra, Vizantiya imperiyasi davrida shahar xarobaga aylangan. XIII asrning boshlarida shahar Saljuqiylar tomonidan zabt etilgan va keyinchalik buzilib ketgan va oxir-oqibat o`z faoliyatini to`xtatgan. Bugun bu erda o`sha davr bilan bog`liq har bir tosh va har bir ko`rinish o`z holida saqlab qolingan. Bu esa nafaqat Turkiya tarixi bilan bog`liq, qolaversa, dunyo tarixining bir qismi hisoblanadi.  

Aspendos teatri kuyovlar bellashuvi mahsulimi?

Aspendosning diqqatga sazovor joylaridan biri bu yaxshi saqlanib qolgan Rim teatri. Teatrga kirishingiz bilan siz o`zingizni barcha sevib tomosha qilgan "Spartak" yoki "Gladiator" filmlari sahnalariga tushib qolgandek his qilasiz.

Teatrning qurilishi bilan bog`liq ajoyib afsona bor ekan: shahar qirolining Belqiz degan juda chiroyli qiziga ikkita me`mor uylanishni orzu qiladi. Qirol shaharning eng muhtasham binosini tezda qurgan odamga qizini berishini ma`lum qiladi. Kuyovlar darhol ishga kirishadi: biri teatr, boshqasi suv o`tkazgich qurgan. Ikkala qurilish ham qirolga juda yoqadi va Belqisga ikkisi ham uylanishi mumkinligini taklif qiladi.

Suv o`tkazgichning yaratuvchisi ushbu taklifga rozi bo`ladi, ammo ikkinchi me`mor bunday kelishuvga rozi bo`lmay, sevgilisidan voz kechadi. Shunda qirol teatr yaratuvchisi qizini chindan sevishini tushunib, qizini unga beradi. 

Ana shunday afsonalarga ega  bir necha asrlik Aspendos teatri hozirgacha deyarli o`z xolida va o`ta mahobatli ko`rinishda saqlab qolingan. Shu o`rinda qo`shimcha qilish kerakki, gidning ma`lum qilishicha, bu butun dunyo atagani kabi amfiteatr emas, teatr ekan. 

"Amfiteatr aylana shaklda bo`ladi, bu esa yarim aylana shaklda", deya izoh berdi Ilxanbey. 

Har bir toshi saqlangan shahar

Odamni hayratga soladigan yana bir maskan — Antaliyaning bir qismi bo`lgan Aksu mintaqasining shimoliy-sharqiy qismida joylashgan qadimiy Perga shahar xarobalari. Ha, aynan xarobalar. Bu erda siz o`sha davr bino va shaharsozligidan qolgan bino, bino qismlari bilan bir qatorda shahar vayronalaridan qolgan oddiy toshlargacha uchratasiz. Ular ochiq muzey ko`rinishda ko`rinib turgan hozirgi Perganing noyob o`ziga xosligini va tarixga nisbatan cheksiz hurmatni aks etib turibdi. 

Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, bu shahar Aspendos kabi o`z davrida ko`plab xalqlar tomonidan boshqarilgan va Rim davrida o`zining avj pallasiga etgan. Miloddan avvalgi I-II asrlarda Perga Kichik Osiyoning yirik shaharlaridan biri bo`lib, asosiy shahar unvoni uchun Side bilan raqobatlashgan.

Biz ko`zimiz bilan ko`rib turgan bugungi shahar qoldiqlari Perganing asosiy qismi bo`lmasligi mumkin. Chunki, 1946 yildan buyon hududda qidiruv-qazuv ishlari davom etmoqda, ammo shaharning katta qismi hanuzgacha er ostida ko`milgani aytiladi.  Sayohatimiz davomida olingan ma`lumotlarimizga ko`ra, shahar afsonalarda aytilganidan ancha qadimgi. Bebaholigi va dunyo tarixining bir qismi ekani o`laroq, Perga 2009 yilda YuNESKOning Jahon merosi ob`ektlari qatoridan joy olgan.

Biz tarix bilan hayolan suhbatlashib, Antaliyaning zamonaviy, sayyohlar borishi mumkin bo`lgan eng go`zal go`shalari tomon yo`l oldik. U erdan olgan taasurotlarimiz sizni yangi dunyoga chorlaydi, shubhasiz. Bu esa endi alohida olam va alohida mavzu...

Mavzuga doir:

U shunchaki shahar emas... Yoxud dunyoni o`ziga rom etgan Istanbulning siri nimada? (fotoreportaj)

Istanbulni kashf etish qaerdan boshlanadi? (fotosayohat)

Dunyoda yagona 8 qavatdan iborat er osti shahri qaerda? U erga borishga undovchi 5 sabab (foto)

Bir kunda to`rt fasl... Yoxud Kappadokiya bag`ridagi vodiylar afsonami yoki haqiqat? (fotosayohat)

Antaliya dunyo sayyohlarining sevimli maskani. Chunki... (fotosayohat)

Farida Egamberdieva, Turkiya-Antaliya

 

Шарҳлар

Antaliyada 29 yil deganda ilk marta qor yog`di

25.01.2022, 22:52

Kecha Antaliya markazida 29 yil ichida birinchi marta qor yog`di. Bu haqda Hurriyet gazetasi xabar berdi, deb yozmoqda RIA Novosti.Ma`lumot uchun, Turkiyaning shimoli-g`arbiy qismida 21...
"Shunchalik ham bo`lishi mumkinmi?" Dunyo andoza olishi mumkin bo`lgan Turkiyada nimalar hayratlanarli?

04.02.2021, 23:20

Avval xabar qilganimizdek, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar uchun Istanbul, Antaliya va Kappadokiya shaharlariga «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasi doirasida navbatdagi...
Antaliya dunyo sayyohlarining sevimli maskani. Chunki... (fotosayohat)

31.01.2021, 02:50

Avval xabar qilganimizdek, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o`zbekistonlik jurnalist va blogerlar uchun Istanbul, Antaliya va Kappadokiya shaharlariga «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasi doirasida navbatdagi...
Bir kunda to`rt fasl... Yoxud Kappadokiya bag`ridagi vodiylar afsonami yoki haqiqat? (fotosayohat)

29.01.2021, 02:07

Avval xabar qilganimizdek, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o`zbekistonlik jurnalist va blogerlar uchun Istanbul, Antaliya va Kappadokiya shaharlariga navbatdagi sayohat uyushtirildi. Ayni paytda biz...