my5
Sevimli

Bola qanday holatlarda ota tarbiyasida qoladi?

Savol-javob 20.04.2021, 10:13
Bola qanday holatlarda ota tarbiyasida qoladi?

"Darakchi" tahririyatiga Xorazm viloyati, Urganch tumanida yashovchi fuqaro  A.Xajievdan murojaat kelib tushdi:

— Kelinim 2016 yil otasinikiga ketib qoldi. Otasi uni Rossiyaga qochirib yubordi. 5 yashar bolasi bizning tarbiyamizda qoldi. Kelinim qo`ng`iroq qilib, “erim bilan birga yashamayman, uylanaversin”, dedi. 2 yildan keyin o`g`limni uylantirdik. Uylanganini eshitgach, qaytib keldi va sud orqali nabiramni tortib oldi. 1 xonali uyda ko`pchilik yashaydi. Otasi yuqumli o`pka sili bilan og`rigan. So`ramoqchi bo`lganim, bola qanday holatlarda ota tarbiyasida qoladi va aksincha?  

Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi Rustam NORXO`JAEV bilan bog`landik...

— Alohida yashaydigan ota-ona bolasi qay biri bilan yashash uchun qolishi masalasidagi nizolarni hal qilinishida teng huquq va majburiyatlarga ega hisoblanadi. Bunday toifadagi ishlarni ko`rib chiqishda sudlar tomonidan avvalo voyaga etmagan bolaning manfaati va xohishi inobatga olinadi. Bolaning ota-onasidan birining faqatgina moddiy ahvoli ustunligi bolani unga olib berish uchun asos bo`la olmaydi. Bu kabi nizolarni ko`rishda bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog`lanib qolganligi, ota-onadan qaysi biri bolalariga nisbatan ko`proq g`amxo`rlik va e`tibor ko`rsatayotgani, bolalarning yoshi va ota-onadan qaysi biriga ko`ngil qo`ygani, ota-onaning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlari, ota-onaning har biri bilan bola o`rtasidagi munosabatlari, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar e`tiborga olgan holda bolani ota yoki ona bilan yashash uchun qoldirish haqida qaror qabul qiladi. Qolaversa, 10 yoshga to`lgan bolaning ota-onasining qaysi biri bilan yashash istagi borligiga ham e`tibor qaratilishi mumkin.

Sadoqat ALLABERGANOVA 

Шарҳлар