my5
Sevimli

Notarius tomonidan ta`minlangan dalillarni sud qabul qilishi mumkinmi?

Savol-javob 06.05.2021, 18:47
Notarius tomonidan ta`minlangan dalillarni sud qabul qilishi mumkinmi?

"Darakchi" tahririyatiga quyidagicha murojaat kelib tushdi:

Notariuslarni dalillarni ta`minlashga vakolatlari bormi va notarius tomonidan ta`minlangan dalillarni sud qabul qilishi mumkinmi?

Murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirobod tumanlararo sudi sudyasi Nozima Zaxidova bilan bog`landik...

— Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to`g`risidagi Yo`riqnomaga 2020 yil 2 mayda kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, notariuslarga dalillarni ta`minlashga oid vakolatlar berilgan. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda manfaatdor shaxslarning iltimosiga binoan notarius sudda yoki ma`muriy organda ish yuzaga kelgan taqdirda, agar taqdim etish keyinchalik mumkin bo`lmay qoladi yoki qiyin bo`ladi deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud bo`lsa, dalillarni ta`minlaydi. Notarius dalillarni nusxa olish, yozib olish, to`plash va o`zida saqlash orqali ta`minlaydi. Notarius tomonidan dalillarni ta`minlash suddan oldin ham, sud jarayoni mobaynida ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda ariza beruvchi notariusga dalillarni ta`minlashi uchun bu haqida ariza bilan murojaat qiladi. Ariza umumiy tartibda, dalillarni ta`minlash sabablari ko`rsatilgan holda yoziladi. Mazkur ariza notariusga dalillardan nusxa olish, ularni yozib olish, to`plash va saqlash uchun asos bo`ladi. Notarius dalillarni ta`minlash haqida arizani qabul qilganidan so`ng, mazkur masalaga aloqador barcha taraflarni dalillarni ta`minlash joyi va vaqti to`g`risida xabardor qilishi shart.dalillarni ta`minlash notarius tomonidan bayonnoma tuzish orqali rasmiylashtiriladi. Bayonnomada qaysi holat bo`yicha dalil ta`minlanayotganligi, isbotlash predmeti va uning mazmuni, arizachining huquq va majburiyatlari ko`rsatilishi lozim. Dalillarni ta`minlash uchun notarius guvohlarning ko`rsatuvlarini yozib oladi, yozma va ashyoviy dalillarni ko`zdan kechiradi va guvohlantiradi, ekspertiza tayinlaydi, internetdagi faktlarni tasdiqlaydi. Dalillarni ta`minlash maqsadida amalga oshiriladigan har bir harakat bayonnomada aks ettirilishi va ularda kamida ikkita xolis ishtirok etishi lozim.

Jumladan, guvohlarni so`rov qilish va ularning ko`rsatuvlarini yozib olish, agar bu guvohlar kelgusida o`tkaziladigan sud jarayonida qatnasha olmasa, ular salomatligining ahvoli og`ir bo`lsa va o`z ixtiyoriga ko`ra notarius tomonidan so`roq qilinishiga rozi bo`lsa amalga oshiriladi. Guvohlarning ko`rsatuvlari ularni so`roq qilish bayonnomasida qayd etiladi. Ushbu bayonnoma guvoh, guvohni so`roq qilishda ishtirok etgan shaxslar va notarius tomonidan imzolanishi shart. 

Notariuslar tomonidan ta`minlangan dalillar sudda qabul qilinadi va dalillar majmuida baholanadi.

Шарҳлар