my5
Sevimli

Aldov yo`li bilan imzolatilgan oldi-sotdi shartnomasini sud orqali bekor qilish mumkinmi?

Savol-javob 09.05.2021, 20:36
Aldov yo`li bilan imzolatilgan oldi-sotdi shartnomasini sud orqali bekor qilish mumkinmi?

Tahririyatga Yangiqo`rg`on tumanida yashovchi fuqaro T.Azizjonovdan murojaat kelib tushdi...  

— 2017 yil mart oyida Qozog`istondan qaytib kelganimda xotinim uyni kadastr qilganini aytib, hujjatlarga imzo qo`yishimni so`radi. O`qimasdan imzo qo`yib yuborganman. Keyin bilsam, uy oldi-sotdi shartnomasini imzolagan ekanman. Lekin uy sotilishiga rozilik bermaganman. Hozirda uy boshqa odamga o`tgan. Xotinim bilan qonuniy nikohimiz bor. Sudga murojaat qilib, oldi-sotdi shartnomasini bekor qildirishim mumkinmi? Imzolagan hujjatimda 1350 kv. uydan 800 kv. sotilishiga rozilik berganim aytilgan. Agar shunday bo`lsa, sud orqali qolgan qismini qaytarib ololamanmi?

Murojaatga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi Sharof MO`MINOV bilan bog`landik:

— Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda o`zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:

1. Ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;

2. Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga asosan agar ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o`zga hollarda.

Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli bo`lgan narsadan ko`p darajada mahrum bo`ladigan qilib zarar etkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.

Bir taraf shartnomani bajarishdan to`la yoki qisman bosh tortib, qonun yoxud taraflarning kelishuvida bunga yo`l qo`yilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki o`zgartirilgan hisoblanadi.

Shu bilan birga, aldov yo`li bilan shartnoma imzolangan taєdirda, mazkur shartnomani haqiqiy emas, deb topish bo`yicha sudga da`vo arizasi bilan murojaat qilish lozim.

Fuqarolik kodeksi 112-moddasida bitimning notarial shakliga yoki uni davlat ro`yxatidan o`tkazish talabiga rioya qilmaslik bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqarishi, bunday bitim o`z-o`zidan haqiqiy bo`lmasligi belgilangan. Uy-joy oldi-sotdi shartnomasi notarial tasdiqlanishi lozim. Bunday holatda oldi-sotdi shartnomasi notarial tasdiqlanmagani, davlat ro`yxatidan o`tkazilmagani sababli o`z o`zidan haqiqiy bo`lmaydi.

Dildora NAZAROVA 

Шарҳлар