my5
Sevimli

Sudda shar`iy turmush qurilganini ma`lum qilish ajrim jarayonini tezrlashtiradimi?

Savol-javob 11.05.2021, 22:59
Sudda shar`iy turmush qurilganini ma`lum qilish ajrim jarayonini tezrlashtiradimi?

Tahririyatimizga Toshkent shahridan Iroda quyidagicha murojaat yo`lladi:

— Shar`iy nikoh asosida ikkinchi marta turmush qurdim. Ammo birinchi turmushimdan rasman ajrashmaganman. Sud olti oy yarashuv muddati tayinladi. Keyingi sud majlisida boshqa turmush qilganimni aytsam, tezroq ajrashtirishadimi? 

Savolga javob olish maqsadida fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Shavkat NAZAROV bilan bog`landik:

— Qonun hujjatlariga ko`ra, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuzilishini va diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emasligini yaxshi bilasiz.

Ta`kidlash joizki, agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo`q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi.

Sud oilani saqlab qolish va er-xotinni yarashtirishning barcha choralarini ko`rishi asnosida, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqlidir. Biroq turmushda kechadigan vaqtinchalik kelishmovchiliklar va tasodifiy sabablarga ko`ra, er-xotin o`rtasida kelib chiqqan ixtiloflar, shuningdek, er-xotindan birining yoki har ikkalasining jiddiy vajlar keltirmagan holda nikoh munosabatlarini davom ettirishni xohlamasligi nikohdan ajratish uchun etarli asos bo`la olmaydi.

Nikohdan ajratish to`g`risidagi ishni ko`rish mobaynida sud dalillarga ishning hamma holatlarini jamlab, ularni sud majlisida qonunga amal qilgan holda, har taraflama, to`liq va xolis ko`rib chiqishga asoslangan o`z ichki ishonchi bo`yicha baho beradi. 

Shuningdek, hech qanday dalil, ya`ni er yoki xotinning shar`iy nikoh asosida boshqa turmush qurganligi holati sud uchun oldindan belgilab qo`yilgan kuchga ega emasligi qat`iy belgilab qo`yilganligi inobatga olinishi zarur.

Fuqarolik prosessual qonun hujjatlari nikohdan ajratish talabi bilan sudga murojaat etgan er yoki xotinga o`z talabini isbotlash uchun juda keng imkoniyat yaratib berganki, bular avvalo nikohdan ajratish talabini asoslovchi har qanday ma`lumotni dalil sifatida sudga taqdim etish huquqini amalga oshirish orqali ro`yobga chiqariladi.

Demak, faqat shar`iy nikoh asosida boshqa turmush qurganligi holatini qonuniy nikohdan ajrashish talabini isbotlovchi dalil hamda er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo`q deb topish uchun etarli asos bo`ladi, deb hisoblash maqsadga muvofiq emas.

Dildora NAZAROVA

Шарҳлар