AsosiySavol-javob

Bozorlarda nega narxlar har xil? Kim nazorat qiladi?

Poytaxtda mavjud bozorlarda narxlar har xil ekanligiga ko`zimiz tushadi. Masalan, “Oloy” va “Farhod” bozori, ular orasidagi narxlar ancha farq qiladi. Buni qanday izohlash mumkin? Umuman, narxlar mo``tadilligini yil bo`yi saqlab turish uchun qanday ishlar olib boriladi?

M.Hasanov, Toshkent sh.

To`lqin IBROHIMOV, “Toshbozorsavdo” uyushmasi “Savdo, tashkiliy ishlar va bozorlar faoliyatini muvofiqlashtirish” bo`limi boshlig`i:

—  To`g`ri, bozorlardagi narxlar har xil. Ayniqsa, buni “Oloy” dehqon bozori misolida ko`rishimiz mumkin. Aynan shu bozorda uyushmamiz tomonidan narxlarni arzonlashtirish maqsadida bir necha marta mahsulotlarning arzon narxlarda sotilishini yo`lga qo`yib ko`rildi, ammo bu ijobiy natija bermadi. Balki, bugungi kunda mazkur bozor narxlariga shu erdan xarid qiluvchilar moslashib qolgandir. Ammo, bir qator katta dehqon bozorlarimizda narxlarda katta tafovut kuzatilmaydi. Ayniqsa, bu yil o`tgan mavsumga qaraganda narxlarda ancha pasayish kuzatildi. 

Narxlardagi mo``tadillikni ta`minlash maqsadida “Toshbozorsavdo” uyushmasi viloyat dehqonlari bilan oldindan shartnomalar tuzish va mahsulotlar zaxiralarini boyitishni amalga oshirmoqda. Xususan, uyushma tizimidagi dehqon bozorlari tomonidan Surxondaryo viloyati tumanlarida dehqon va fermer xo`jaliklari tomonidan etishtirilgan qo`shimcha 10 ming tonna sabzi, 3 300 tonna karam va boshqa mahsulotlarni saqlab turish sharti bilan shartnomalar tuzilgan. 

Dehqon bozorlarining o`zida esa qishloq xo`jalik mahsulotlarining mo`l-ko`lchiligini va narxlarning asossiz ko`tarilib ketmasligini ta`minlash maqsadida “Elga xizmat” korxonalari tashkil etilgan. O`tgan 2014-2015 yillar ichida mazkur korxonalar tomonidan 41,5 mlrd so`mlik mahsulotlar arzonlashtirilgan narxlarda aholiga sotildi. Ahamiyatli tomoni sotilgan mahsulotlarning 74% terminallar orqali bank plastik kartochkalariga sotildi.

    Boshqa yangiliklar