42

Sudga chaqirmay, qarzni undirish mumkinmi?

Savol-javob 04.10.2019, 12:44
208
Sudga chaqirmay, qarzni undirish mumkinmi?

— Uyimga foydalanilgan gaz haqi va davlat bojini undirish haqida sud hujjati keldi. Lekin meni sudga chaqirishmagan. Sudga chaqirmay turib, gaz uchun qarzdorlikni undirish haqida qaror chiqarilishi to`g`rimi?

Z. Umidov, Toshkent shahri Bektemir tumani

Abdunosir IGAMBERDIEV, Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi sudyasi:

— Fuqarolik prosessual qonunchiligiga ko`ra, kommunal xizmatlar yoki aloqa xizmatlari to`lovi bo`yicha qarzdorlikni tasdiqlovchi hujjatlarga asoslangan undirish to`g`risida talab arz qilingan bo`lsa, sud buyrug`i beriladi.

Sud buyrug`i nizosiz talablar bo`yicha sud muhokamasi o`tkazmasdan berilgan sud hujjati hisoblanadi. Sud buyrug`i ijro hujjati kuchiga ega. Sud buyrug`i bo`yicha undiruv buyruq berilgach, 10 kunlik muddat o`tganidan keyin sud hujjatlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Sizning holatingizda, foydalanilgan tabiiy gazdan bo`lgan qarzingizni undirish uchun sud buyrug`i sizni sudga chaqirmasdan berilgani to`g`ri. Agarda foydalanilgan gaz uchun qarz miqdoriga e`tirozingiz bo`lsa, sud buyrug`i bergan sudga 10 kunlik muddatda e`tirozingizni yuborishingiz lozim.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Комментарии