Prezident Shavkat Mirziyoev 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida har tomonlama munosib ishtirok etib, Olimpiada chempioni degan sharafga sazovor bo`lgan O`zbekiston terma jamoasi a`zolariga tabrik yo`lladi.
"Aziz farzandlarim!
Avvalo, siz, azizlarni va sizlarning timsolingizda ko`pmillatli xalqimizni mamlakatimiz hayotida ulkan quvonchli voqea – Hindistonning Chennay shahrida o`tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida har tomonlama munosib ishtirok etib, Olimpiada chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo`lganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, o`zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman",-deyiladi uning avvalida.
"Butun xalqimiz dunyodagi ana shu musobaqalarda sizlarning har bir bahsingizni “oynai jahon” va Internet orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi.
O`z navbatida, intellektual salohiyati yuqori bo`lgan yosh shaxmatchilarimiz ham bunday yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin g`alabalarni tortiq etdilar.
Hech shubhasiz, sizlarning bu ulkan g`alabangiz Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik shonli bayramiga munosib sovg`a bo`ldi",-deydi Shavkat Mirziyoev.
Davlat rahbari so`zida davom etarkan, terma jamoa a`zolarini birma-bir e`tirof etdi.
"Ushbu musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi o`g`lonlarimizning iste`dodiga butun dunyo yana bir bor tan berdi. Ayniqsa, Jahongir Vohidovning so`nggi o`yindagi g`alabasi terma jamoamizning tarixiy g`alabasini ta`minladi.
Shuni alohida g`urur bilan ta`kidlash kerakki, sportning shaxmat turida butun dunyoda nom chiqargan Hindiston, AQSh, Armaniston, Niderlandiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlar vakillari ishtirok etgan ushbu olimpiadada terma jamoamiz a`zolari har tomonlama munosib ishtirok etib, bironta o`yinda ham mag`lubiyatga uchramadi.
Sizlar shu tariqa o`zbek shaxmat maktabining shon-shuhratini yuksak bosqichga olib chiqdingiz. Sizlar kabi azmu shijoatli, vatanparvar yoshlar eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, o`ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo`laman",-deydi davlat rahbari.
O`zbekiston etakchisi so`zida davom etib, shaxmatchi qizlarni ham tabrikladi.
"O`zbekistonning shaxmatchi qizlari ham ushbu xalqaro musobaqada munosib ishtirok etib, o`zlarining salohiyati baland ekanini yaqqol namoyish qildilar. Shu o`rinda ularga ham chin qalbimdan tasanno aytaman",-deydi Mirziyoev.
"Ishonchim komilki, 2026 yilda O`zbekistonda bo`lib o`tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham mamlakatimiz vakillari munosib ishtirok etib, yuqori marralarni zabt etadi.
Yuksak g`alaba yana bir bor barchangizga muborak bo`lsin, aziz farzandlarim!",-deydi u tabrik so`ngida.