1

Milliy filmlar namoyishini yo`lga qo`yish maqsadida anjuman bo`lib o`tdi

Jamiyat 25.04.2024, 22:22
Teglar: Milliy filmlar, "Milliy kino kuni"
Milliy filmlar namoyishini yo`lga qo`yish maqsadida anjuman bo`lib o`tdi

Bugun Renessans kino uyida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan "Biz bir bo`lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz" shiori ostida Respublikadagi telekanallarda haftaning bir kunini "Milliy kino kuni" sifatida belgilash hamda milliy filmlar namoyishini yo`lga qo`yish maqsadida anjuman bo`lib o`tdi.

Unda Kinematografiya agentligi, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi, O`zbekiston Milliy media birlashmasi hamda nodavlat telekanallar rahbarlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Anjuman davomida Prezidentning “Kino san`ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi farmoni asosida milliy manfaatlarni himoya qilish, milliy madaniyat va qadriyatlarni asrash, kelgusi avlodlarga bus-butun etkazish, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida davlat buyurtmasiga asosan yaratilgan milliy filmlar namoyishini tashkil etish bo`yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Unga ko`ra, haftaning har shanba kuni "Milliy kino kuni" etib belgilandi. Bu kunda davlat va nodavlat telekanallarda faqat milliy filmlar namoyish qilinadi.

— Bu aksiyamiz xalqimizga manzur bo`ladi. Chunki biz aksiya orqali, avvalo yangi filmlarimiz bilan birga, retro filmlarimizni ham xalqimizga taqdim etamiz. Tomoshabinlarimiz bu filmlarni sog`inishgan, albatta. Bular xorijiy kinofondlardan qaytarilgan o`zbek filmlarining etalon nusxalaridir. Yana shunga aminmizki, Prezidentimizning bu tashabbusi bilan tomoshabinlarda o`zbek filmlariga nisbatan qiziqish yanada ortadi, – dedi Kinematografiya agentligi direktori.

O`zbekiston Milliy media birlashmasi raisi Sherzodxon Qudratxo`ja hamda Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi rahbari Otabek Hasanovlar ham mazkur aksiyani qo`llab-quvvatlab, o`z fikrlarini bildirdi. Anjuman so`nggida, Kinematografiya agentligi direktori ushbu quvonchli kelishuv bilan barchani tabrikladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1