1

IShID ASIRALARIGA XALQARO SAXAROV MUKOFOTI TOPShIRILDI

Dunyo 26.12.2016, 17:30
Teglar: DAISh
IShID ASIRALARIGA XALQARO SAXAROV MUKOFOTI TOPShIRILDI

Uzoq muddat IShID xalqaro terroristik tashkiloti hududida tutqunlikda saqlangan ikki nafar yazidiy qizga xalqaro Saxarov mukofotining topshirilishi o`tgan haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri bo`ldi. 

Xabaringiz bor, 2013 yildan beri xalqaro miqyosdagi falokatga aylangan IShID (Iroq va Shom islom davlati) nomini olgan terroristik tashkilot qator jinoyatlari, terroristik aktlari hamda vahshiyona xatti-harakatlari bilan dunyo ahlini xavotirga solib kelmoqda. 

Ular bir necha yildirki, o`zlari egallab olgan hududni islom dini niqobi ostida o`zlariga maqbul usullar vositasida boshqarib,  bu hududda o`z boshqaruv tizimilarini tan olmagan har qanday insonlar, xususan boshqa din va mazhab vakillariga o`ta shafqatsizlarcha munosabatda bo`lib kelishmoqda. 

Yazidiylarning aybi nima?

Ushbu terroristik guruh zulmidan eng aziyat chekkanlar orasida yazidiylar alohida o`rin tutadi. Ular asosan Iroq, qisman Suriya va boshqa hududlarda bir necha asrdan beri istiqomat qilib kelishadi. Yazidiylik dunyoda kam sonli aholi e`tiqod qiladigan, kam o`rganilgan dinlardan. Mutaxassislar fikricha, bu dinning ruknlarida islom, zardushtiylik, nasroniylik va hatto yahudiylik unsurlari ham mavjud. Yazidiylar e`tiqodiga ko`ra, bu dinni hech kim tashqaridan qabul qilmaydi. Yazidiy oilasida tug`ilgan inson butun umr ana shu e`tiqodga sodiq o`tishi, boshqa dinlarni qabul qilmasligi lozim.  Yazidiylar asosan Quyoshga sig`inadilar va o`z pirlariga itoat qiladilar. 

“Islom davlati” jangarilari yazidiylar yashaydigan hududlarni egallagan ilk kunlardan beri ularning katta qismini qirib tashlashdi. Ayollar va bolalarni asir olib, ularning boshiga misli ko`rilmagan musibatlarni solib kelishmoqda. 

O`tgan haftada Evropa Parlamenti rahbari Martin Shuls ana mazlum qavmning ikki vakilasi, iroqlik Nodiya Murod  va Lamiya Oji Basharga  xalqaro Andrey Saxarov mukofotini topshirdi. 

“Darakchi” ma`lumotnomasi:

Er yuzida inson huquqlari himoyasi yo`lida xizmat qilgan insonlarga beriladigan  Xalqaro Andrey Saxarov mukofoti Evropa parlamenti tomonidan 1988 yilda  ta`sis etilgan. Mazkur mukofotga mashhur rus fizigi, vodorod bombasi ixtiyorochisi Andrey Saxarov (1920-1989) nomining berilishi bejiz emas. Chunki, olim bu ajalovar qurolni kashf etish barobarida umri davomida butun insoniyatni uning xavfidan ogoh bo`lishga  chaqirgan va bu xatti-harakatlari uchun sovet hukumatining ta`qibiga uchragan. 

Saxarov ana shu erkin va qat`iy fikrlari uchun umrining so`nggi yillarini Gorkiy shahrida surgunda o`tkazgan. Evropalment olimning  roziligi bilan 1988 yilda Inson huquqlari uchun ta`sis etilgan xalqaro mukofotni Andrey Saxarov nomi bilan atagan. Ayni paytga qadar ushbu mukofotga Janubiy Afrika Respublikasi  prezidenti Nelson Mandela, slovakiyalik siyosatchi Adeksandr Dubchek, BMTning sobiq Bosh kotibi Kofi Annan,  pokistonlik inson huquqlari himoyachisi Malala Yusufzay, bangladeshlik yozuvchi ayol Taslima Nasrin  singari taniqli insonlar sazovor bo`lishgan. 

Sinjordagi bosqin
2014 yil 3 avgust kuni Iroqning asosan yazidiylar yashaydigan Sindor shahri va uning atrofidagi qishloqlarni bosib olishdi. Islom dinini qabul qilishmagani uchun barcha yazidiy erkaklarni qilichdan o`tkazishdi. Bolalar va ayollarni asir olishdi. 

Mazkur qonli voqea shohidlarining aytishicha, jangarilar erkaklarni Sinjor tog`iga olib chiqib, ularga avval uzunasiga chuqur qazdirishgan, keyin esa ularni shafqatsizlarcha qatl qilib o`zlari qazigan chuqurlarga ko`mib tashlashgan. Ayollar va bolalarni shahardan tashqaridagi lagerga olib borib, turli guruhlarga ajratishgan. O`g`il bolalarni mujohidlikka tayyorlash uchun maxsus maktablarga jo`natishgan, kichik yoshdagi qixchalarni musulmon ayollar tarbiyasiga topshirishgan. 

Yosh qiz juvonlarni joriyalikka olishgan. IShID “qonun”lariga ko`ra, ularni istalgan narxda sotish yoki hadya qilish mumkin edi va shunday bo`ldi ham. O`rta yoshdagi ayollar majburan jismoniy mehnatga jalb qilingan.  Qullikka va jinsiy ehtiyojlarni qondirishga nomunosib ko`rilgan, katta yoshdagi ayollar esa shafqatsizlarcha o`ldirilgan. 

Jinsiy qullikka mubtalo bo`lganlar orasida Kocho qishlog`ida tug`ilib o`sgan Nodiya va Lamiya qismli qizlar ham bor edi. 

Nodiyaning baxtsizligi va baxti

Nodiya Murod Base Toxa 1993 yilda Kocho qishlog`ida serfarzand kurd oilasida tug`ilgan. 2003 yilda otasining vafotidan so`ng ularning olis tang vaziyatda qoladi. Biroq, qiynalib bo`lsa-da, u o`rta maktabni a`lo baholarga bitirdi. U bolaligidan tarixga qiziqadi va o`qituvchi  bo`lishni orzu qiladi. 

Sinjor fojiasi minglab yazidiylar singari ularning ham oilasini chetlab o`tmadi.  Yoshi o`tib qolgan onasini olti aka-ukasiga qo`shib otib tashlashdi. O`zi va singillari ularning shahvoniy istaklarini qondiruvchi qo`g`irchoqqa aylanishdi. IShID hududida u singillarining holi nima kechganini bilmaydi. Uning o`zi bir necha marta qo`ldan-qo`lga o`tdi. Uning boshiga ko`z ko`rib quloq eshitmagan xo`rliklarni solishdi. 

2014 yilda uni Baxdid shahriga olib kelishdi. Bu erda ham u bir necha jangarilarning hayvoniy istaklarini bajarishga majbur bo`ldi. 

“Hayotdan to`yib ketgandim, — deya o`sha mash`um damlarni xotirlaydi Nodiya. – Jangarilar qo`lidan qochish o`lim bilan bararvar edi. Tutib olishsa, baribir “joriyalar makoni”ga qaytarishar, qarshilik ko`rsatsam otib tashlashardi. Tavakkal qildim. Qochaman, tutvolib o`ldirishsa, bu azoblardan qutulaman, baxtim chopib omon qolsam, bir kunimni ko`rarman, degandim. Xayriyat, tiriklik peshonamda bor ekan”.

Nodiya bir oilaning yordami bilan Kirkukda, qochoqlar lagerida yashayotgan bir akasiga  qo`ng`iroq qiladi. Uning yordamida Doxukdagi ayollar lageriga kelib joylashadi. Bu erdan ming nafardan ortiq  qochoq ayollar bilan birga Germaniyaga etib keladi. Bu erda u yazidiy qondoshlarining hayotini saqlab qolish uchun bir qator xalqaro tashkilotlarga murojaat qiladi. Yirik ommaviy axborot vositalari orqali o`z qavmini muqarrar halokatdan qutqarishni so`rab bong uradi. 

Nadiya keyinchalik singlisini topishga muvaffaq bo`ldi. Yana ikki akasi hozirda Iroq Kurdistonida hayot kechirishmoqda. O`zining o`tkir fikrlari uchun Lamiya dastlab BMTning ko`ngilli elchisi maqomiga, Vaslav Gavel nomidagi mukofotga loyiq ko`rilgan. 

Jahannamdan qochgan qiz

Lamiya Adji Bashar 1998 yilda iroqlik fermer oilasida  tug`ilgan. Uning qishlog`ini dushmanlar ishg`ol etganida, Lamiya  16 yoshda edi. Uning ham keyingi qismati Nodiyanikiga o`xshab ketadi. 

Butun oilani 12 nafar a`zosi bilan tutqun qilishdi. Lamiyani bir emas, besh marta sotishdi. Har gal u bir-biridan qo`rs, shafqatsiz va bag`ritosh “xojalar”ga duch kelar, yovuz kimsalar  qizchaning ohu zoriga qaramay,  u bilan o`zlari istagandek ko`ngilxushlik qilishar, keyin xuddi jonsiz buyumdek boshqalarga “oshirishardi”.

U asirdlikdan qochishga to`rt marta urinib ko`rdi. Dastlabki uch urinish foyda bermadi. Uni tutib olib, shafqatsizlacha kaltaklashdi. Avvalgidan battar xo`rliklarga duchor qilishdi. To`rtinchi urinishda u 8 yoshli Olmos va 20 yoshli Katerina ismli qiz bilan yo`lga chiqqandi. Biroq, yo`lda ko`milgan mina qo`qqisdan portladiyu... 

Lamiya ikki hamrohining tanasi qanday parchalanib ketganini hamon dahshat bilan eslaydi. Portlash natijasida uning yuzi ham kuyib ketgandi. Shunga qaramay, u IShID chegarasini yorib o`tib, kurdlar yashaydigan hududga bir amallab etib oldi. 

Qochoqlar lagerida unga dastlabki tibbiy yordamni ko`rsatishdi. Ammo, mina o`z ishini qilgandi. Qizning o`ng ko`zi butunlay ishdan chiqqandi Lamiyani bir qancha qondoshlari bilan Germaniyaga olib ketishdi. Bu erda bir necha bor plastik jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Hali uni oldinda yana operasiyalar kutmoqda. 

Bundan Lamiya ruhan cho`kmadi. U ikki yildirki, o`z qavmining boshiga tushgan fojiadan dunyo ahlini xabardor qilishga urinmoqda, xalqaro hamjamiyatni terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan yazidiylar genosidini tan olishga chaqirib keladi. 

U Germaniyada tashkil etilgan,  o`z xalqining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan «Yazidi Friendship Group» tashkilotiga a`zo bo`ldi. Evropaning qator shaharlarida bo`lib, o`z boshidan o`tganlarni, dindoshlarining boshiga tushgan kulfatlarni hikoya qilib berdi. 

Haq joyida qaror topadi

Ayni paytda bu ikki qizning nomi dunyodagi eng yirik nashrlar sarlavhasidan tushmay kelayotir. Ularning yorug`likka chiqishini faqat baxtli tasodif deyish mumkin, xolos.

Evropa Parlamenti a`zolari shu yilning 26 oktyabr kuni “Inson huquqlari va so`z erkinligini ta`minlashga qo`shgan katta hissasi uchun” Nodiya Murod va Lamiya Oji Basharni ana shu yuksak mukofotga loyiq ko`rishdi. 

Eslatib o`tamiz, bu yilgi nomzodlar orasida xitoylik iqtisodchi Ilhom To`xti, turkiyalik jurnalist Jan Dundar va ukrainalik siyosatchi Mustafo Jamilev ham bor edi. 

Mukofotning umumiy qiymati 50 ming dollarni tashkil etadi. Lamiya va Nodiya bu mablag`ni vaqtinchalik lagerlarda, og`ir sharoitlarda yashayotgan yazidiy qochoqlarni qo`llab-quvvatlash uchun sarflashlarini bildirishgan. Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda  qochoqlar lagerida minglab yazidiylar jon saqlamoqda. Shu bilan birga IShID qaramog`ida bo`lgan uch  mingga yaqin yazidiy qizlarning ham taqdiri so`roq ostida qolmoqda. 

“Biz butun kuch-g`aratimizni, hayotimizni o`z qondoshlarimizning yorug` kunlarga etishishi uchun safarbar etamiz, — deydi Lamiya va Nodiya “Evronyus” telekanaliga intervyu berarkan. – Umid qilamizki, minglab aka-ukalarimiz, vatandoshlarimiz hayotiga zomin bo`lgan yovuzlar ham o`z jazosini oladi”.

R.Jabborov tayyorladi

Sharhlar

IShID etakchisi o`ldirildi

01.12.2022, 10:27

“Islom davlati” terrorchilik guruhi etakchisi jangda halok bo`ldi. Bu haqda so`nggi o`n yillik o`rtalarida Iroq va Suriyaning katta qismini egallab olgan jihodchi tashkilot vakillari ma`lum...
IShID qurboni bo`lgan 27 nafar ayolga boshpana berildi

21.11.2019, 16:09

 Fransiya prezidenti Emmanuael Makron IShIDdan aziyat chekkan Yazidlik 100 ta oilaga Fransiyadan boshpana berishga va`da qilgandi. Bu haqda arabnews.comga tayanib xabar berilmoqda. 20 noyabr kuni shu...
IShID ham Abu Bakr Al-Bag`dodiyning o`lganini tasdiqladi

01.11.2019, 14:37

IShID terroristik tashkiloti o`z rahnamosi va etakchisi Abu Bakr Al-Bag`dodiyning o`lganligi haqida tarqalgan xabarlarning rostligini tasdiqladi. Buni AFP agentligiga tayanib "Daryo" ma`lum qilmoqdaAmerika qurolli kuchlari...
Fransiyaning sobiq prezidenti IShID etakchisining o`limi to`g`risida: «Zarba halokatli emas!»

29.10.2019, 12:51

Fransiya sobiq prezidenti Fransua Olland IShID etakchisi Abu Bakr al-Bag`dodiyni yo`q qilinishini tashkilot uchun «og`ir zarba» deb atadi, ammo tashkilot uchun «halokatli» emas, deya xabar...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1