Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Prezident farmonida 32 ta yirik davlat korxonasi va xo`jalik birlashmasi transformasiya qilinishi belgilangan. Xususan, “O`zkimyosanoat”, “O`zavtosanoat”, “O`zdonmahsulot”, “O`zsuvta`minot” tashkilotlari butun tizimi bilan transformasiya qilinadi. Shu maqsadda Moliya vazirligida alohida departament tashkil etildi. Mutasaddilarga qolgan tarmoqlarni ham chuqur tahlil qilib, transformasiya bo`yicha takliflar tayyorlash vazifasi qo`yildi. Aholi va tadbirkorlarga batafsil ma`lumot beradigan xususiylashtirish maslahat klinikalari hamda koll-markaz tashkil etish, metodik qo`llanma tayyorlab, joylarga etkazish muhimligi aytildi. Shuningdek, televidenie orqali ham xususiylashtirish borasida ma`lumot berib boriladi. Oliy Majlis palatalariga Prezident farmoni mohiyatini keng targ`ib qilib, xususiylashtirish jarayonlarini halol va ochiq-oshkora o`tishida parlament nazoratini o`rnatish tavsiya qilindi. Shuningdek, xususiylashtirish hamda davlat mulkini boshqarishga oid qonun loyihalarini ishlab chiqish muhimligi ta`kidlandi. Videoselektor yig`ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o`rinbosarlari, tarmoq rahbarlari va hokimlar hisobot berdi. |
29.10.2020 00:01
“O`zkimyosanoat”, “O`zavtosanoat”, “O`zdonmahsulot”, “O`zsuvta`minot” tashkilotlari butun tizimi bilan transformasiya qilinadi
