AsosiyDunyo

Fransiyada yuqori sinf o`quvchilari maktablarni yopishni talab qilmoqda

'Fransiyada yuqori sinf o`quvchilari maktablarni yopishni talab qilmoqda'ning rasmi

Fransiyaning Parij, Nant va Bezanson shaharlaridagi yuqori sinf o`quvchilari maktablarga kirishni yopib qo`yishdi. Ular yangi lokdaun sharoitida sanitariya me`yorlariga rioya etilmayotganidan noroziligini shunday ifodalashgan. Bu haqda RFI radiosi xabar berdi.

Ayniqsa, pandemiya sharoitida ijtimoiy masofaga etarli darajada e`tibor qaralmayotgani ularning e`tirozlariga sabab bo`lmoqda. Xususan, o`quvchilar bir-birlari bilan yonma-yon o`tirishgani va odatiy vaqtdagi o`qish sharoitlaridan hech qanday farq sezishmayotganliklaridan shikoyat qilishgan.

Oqibatda Parijda yuqori sinf o`quvchilari ertalabdan qariyb o`nta liseyni “bloklab” qo`ygan. Ammo polisiya aralashuvi bilan taxminan soat 9:30da ta`lim maskanlari eshiklari ochilgan.

“Le Figaro” gazetasi axborotiga ko`ra, poytaxtning X okgrugidagi Kolber liseyi o`quvchilari va huquq-tartibot xodimlari o`rtasida to`qnashuv sodir bo`lgan. Hatto bir guruh o`quvchilar maktab binosiga shisha idishlarni otgan.

Polisiya tomonidan ko`zni yoshlantiruvchi gaz qo`llanilgandan so`nggina norozi yoshlar tarqatilgan. O`quvchilarning aytishicha, huquq-tartibot organlari tomonidan rezina tayoqlar ham ishlatilgan.

Oqibatda bir kishi jarohatlangan. 40 nafar yuqori sinf o`quvchisi esa 135 evrodan jarimaga tortilgan. Bunday aksiyalar Nant va Bezansondan ham ro`y berdi. Maktablarni ochish uchun polisiya aralashishga majbur bo`ldi.

 
  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar