1

Aktyor Farhod Mahmudov rahbarligi ostida Butunrossiya davlat kinematografiya institutida o`zbekistonlik talabalar uchun alohida kurs ochilmoqda

Madaniyat 24.11.2020, 09:45
Aktyor Farhod Mahmudov rahbarligi ostida Butunrossiya davlat kinematografiya institutida o`zbekistonlik talabalar uchun alohida kurs ochilmoqda

“O`zbekkino” Milliy agentligida Farhod Mahmudov bilan Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)da o`zbekistonlik talabalar uchun alohida kurslar bo`yicha memorandum imzolandi. Bu haqda “O`zbekkino” MA Axborot xizmati xabar bermoqda. 

O`zbek talabalari uchun tashkil etiladigan ijodiy ustaxonaga Farhod Mahmudov rahbarlik qiladi. Endilikda 15 nafar yosh kinoijodkorlar Butunrossiya davlat kinematografiya institutida tanlov asosida bepul o`qish imkoniyatiga ega bo`lishadi.

 

Joriy yilning 20 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoevning “O`zbekfilm” studiyasiga tashrifi davomida mahoratli kadrlarni etishtirib chiqarish uchun O`zbekistonda kino ta`limini yo`lga qo`yish, kinoakademiyani tashkil etish alohida qayd etildi. Shuningdek, Butunrossiya davlat kinematografiya institutida o`zbekistonlik talabalar uchun alohida kurs tashkil etish bo`yicha tashabbus qo`llab-quvvatlandi.  

 

Aktyor Farhod Mahmudovning bildirishicha uzoq tanaffusdan so`ng o`zbek yoshlarining MDHda eng nufuzli kino oliygohida o`qitilishi O`zbekiston kinosi uchun ijobiy turtki bo`ladi:

 

“Prezident bilan uchrashuvda aynan shu taklifni ilgari surganimda davlat rahbari buni ijobiy qabul qilib, nafaqat kurs, balki ushbu ta`lim muassasasining O`zbekistonda fakulteti tashkil qilinishi zarurligini ham bildirdi. 30-40 yillar ilgari milliy ijodiy ustaxonalar VGIKda mavjud edi. Biroq keyinchalik bu amaliyot to`xtatildi. Oqibatda, o`zbekistonlik kinoijodkor yoshlar uzoq muddat yuqori darajadagi kino ta`limiga ega bo`la olishmadi. O`zbekistondan talabalar paydo bo`layotgani va buni hukumat qo`llab-quvvatlayotgani quvonarli hol. Ushbu talabalar o`qishni bitirib kelib, o`zbek kinosi rivojiga munosib hissa qo`shishlariga ishonaman. O`z o`rnida men ham o`z tomonimdan ushbu yoshlar sifatli ta`lim olishlari uchun qo`limdan kelgan ishni qilaman. Ularni qo`llab-quvvatlashga harakat qilaman. Prezident bu taklifni ma`qullagani va ishonch bildirgani men uchun ulkan mas`uliyat”, deya fikrini yakunladi aktyor Farhod Mahmudov.

 

Eslatib o`tish joizki, joriy yilda 7 nafar o`zbekistonlik yoshlar ushbu oliygohga ilk bora qabul qilindi. MDH mamlakatlari ishlari bo`yicha Rossiya federal agentligi (Rossotrudnichestvo) ko`magi bilan ushbu talabalarning shartnoma pullari, turar-joy va iste`dodli talabalarga stipendiyalar “O`zbekkino” tomonidan to`lab berilishi ma`lum qilingan edi. Endilikda esa nufuzli kinematografiya institutida o`zbek talabalari uchun alohida kurslar tashkil etilmoqda.

 

“O`zbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1