AsosiyMADANIYAT

“Ishkomli uy”dagi Bahor 50 yoshida yangi bosh rol bilan ekranga qaytdi

Yeshilchay endi “O‘mur Usta” serialida bosh qahramon obrazini ijro etmoqda.

'“Ishkomli uy”dagi Bahor 50 yoshida yangi bosh rol bilan ekranga qaytdi'ning rasmi

O‘zbek tomoshabinlariga “Ishkomli uy”serialidagi Bahor Qoradog‘ obrazi orqali tanilgan turkiyalik aktrisa Nurgul Yeshilchay 50 yoshida yangi bosh rol bilan ekranga qaytmoqda.

1976-yil 26-martda tug‘ilgan Nurgul Yeshilchay 2000-yillar boshida “Ishkomli uy” (“Asmalı Konak”) serialidagi Bahor obrazi bilan katta shuhrat qozongan. Aktrisa serialda sevgi va oilaviy munosabatlar markazida turgan Bahor Qoradog‘ qahramonini gavdalantirgan.

Yeshilchay endi “O‘mur Usta” serialida bosh qahramon obrazini ijro etmoqda. “Ay Yapim” tomonidan suratga olinayotgan yangi loyiha og‘ir hayot sharoitida farzandlarini katta qilayotgan ayol taqdiri haqida hikoya qiladi.

Serialda aktrisa eri tashlab ketganidan so‘ng uch farzandi va qaynonasi bilan qolgan O‘mur obrazida namoyon bo‘ladi. U oilasini boqish uchun avtomobil ta’mirlash bilan shug‘ullanadi. O‘murning asosiy maqsadi — farzandlarini oyoqqa turg‘izish va hayotda o‘z o‘rnini topish.

Serialning birinchi tanituvi ham namoyish etildi. Unda O‘murning og‘ir turmushi, farzandlari uchun kurashi va tirikchilik tashvishlari aks etgan.

"O‘mur Usta” seriali ssenariysi Chag‘la Qizilelma tomonidan yozilgan, rejissyorlikni Hilol Saral amalga oshirgan. Nurgul Yeshilchay bilan birga Byulent Inal, Gonja Vuslateri va boshqa aktyorlar ham loyihada ishtirok etmoqda. Serial 2026-yil sentyabr oyidan NOW telekanalida efirga chiqishi kutilmoqda.

Shu tariqa, “Ishkomli uy”dagi Bahor obrazi bilan tomoshabinlar yodida qolgan Nurgul Yeshilchay 24-yildan keyin yana bir kuchli ayol obrazi bilan ekranga qaytmoqda.

    Boshqa yangiliklar