23 noyabr kuni AstraZeneca kompaniyasi o`zining koronavirus vaksinasi taxminan 90 foiz samarali bo`lishi mumkinligi va unda aks ta`sirlar bo`lmasligini ma`lum qildi.
Britaniya va Braziliyadagi so`nggi bosqich sinovlaridan olingan ma`lumotlarga ko`ra, Oksford universiteti tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu vaksina COVID-19 ning oldini olishda 90 foiz samarali bo`lgan.
Shuningdek, mazkur vaksinani qabul qilganlarda jiddiy aks ta`sirlar kuzatilmagan. «Ushbu vaksinaning samaradorligi va xavfsizligi uning COVID-19 ga qarshi kurashda yaxshi natija berishini, hozirda sog`liqni saqlash tizimida yuzaga kelgan favqulodda holatga tezlik bilan ta`sir qilishini tasdiqlaydi», dedi AstraZeneca bosh ijrochi direktori Paskal Soriot.
16 noyabr kuni AQShning Moderna kompaniyasi o`zining tajribalardan o`tkazilayotgan vaksinasi 94,5 foiz samaraliligini aytgandi. Bundan oldin AQShning Pfizer va Germaniyaning BionTech kompaniyalari hamkorlikda yaratgan vaksinaning samarasi 95 foiz bo`lgani ma`lum qilingandi.
Shuningdek, 11 noyabr kuni Rossiya o`zining Sputnik V vaksinasi 90 foizli natija berganini e`lon qilgan.