Prezient Shavkat Mirziyoev Buxoroga tashrifi davomida yangi qaror loyihasini ikki hafta muddat ichida ishlab chiqish bo`yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.
"Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning xabar berishicha, yangi qaror bilan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi balansida bo`lgan kollejlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o`tkaziladi.
“Kollejlar monomarkaz bo`ladi. Kollej direktorlari Mehnat bo`limlariga rahbar bo`ladi”, - dedi davlat rahbari.
Bu bilan yillar davomida kollejlarda foydalanilmay yotgan asbob-uskunalar va dastgohlar ishga tushadi. Ushbu monomarkazlarda nafaqat yoshlar, balki, kasb-hunar o`rganish istagidagilar o`qish imkoniyatiga ega bo`lishadi. O`qish xarajatlari uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga 14 mlrd. so`m mablag` ajratiladi.
“Chet elga ketayotganlar til o`rgansin, kasb o`rgansin. Shunda borgan joyida ko`proq pul topadi. Agar hozir Rossiyada ishlayotganlar o`rtacha 480 dollar ishlab topayotgan bo`lsa, kasb va til o`ganib, 500 dollar emas, ikki baravar ko`p uyiga pul yuborishi mumkin”, - dedi prezident.