Avvalroq, Termizda o`quvchi zo`rlangani, holat bo`yicha IIB 14 oydan beri chora ko`rmayogani haqida xabar bergan edik. Surxondaryo viloyati prokuraturasi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Unga ko`ra, Termiz shahar prokurori tomonidan ushbu jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish haqidagi qaror joriy yilning 5 aprel kuni bekor qilingan va qo`shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazish uchun Termiz shahar IIB Tergov guruhiga yuborilgan.
Holat bo`yicha sudga oid qayta komission tibbiyot ekspertizasi tayinlangan bo`lib, to`plangan hujjatlari O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining Respublika sud-tibbiyot ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga yuborilgan.
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida B.E. ismli shaxs 2020 yilning yanvar oyida 16 yoshli voyaga etmagan (maktab o`quvchisi) qizning ojizligidan foydalanib nomusiga tekkan.
Qayd etilishicha, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan qariyb 14 oydan beri Termiz shahar IIO FMB tomonidan qonuniy choralar ko`rilmay kelinmoqda.
Ma`lum qilinishicha, jabrlanuvchi qizning ota-onasi adolatni qaror toptirish, jinoyatni amalga oshirgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`rab bir yildan beri Termiz shahar IIO FMBga va boshqa ma`muriy idoralarga qilgan barcha murojaatlari e`tiborsiz qodirilgan. Ayniqsa, Termiz shahar IIO FMB tomonidan mazkur voqea bo`yicha sifatsiz tekshirishlar o`tkazilganligi, jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish haqidagi qarorlar qabul qilganligi hamda jinoyatni amalga oshirgan shaxsning do`stlari Termiz shahar IIO FMBda faoliyat yuritishi, shu sababli ish bosti-bosti qilib kelinayotgani ota-onaning so`nggi chora sifatida Senatga murojaat qilishiga sabab bo`lgan.