2022 yildan boshlab har yili «Mirzo Ulug`bek vorislari» respublika tanlovi o`tkaziladi.
Tanlovni o`tkazishda:
I bosqich fevral-mart oylarida tuman (shahar)larda o`tkaziladi va unda eng yuqori natijaga erishgan har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan nomzodlar keyingi bosqichga yo`llanma oladi;
II bosqich aprel oyida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o`tkaziladi hamda ularning har biridan eng yuqori natijaga erishgan 20 nafar yosh navbatdagi bosqichga yo`llanma oladi;
III bosqich may oyida o`tkaziladi va unda 100 nafar yosh tanlovning respublika bosqichi g`olibi deb topiladi.
I, II va III bosqichlar g`oliblari tegishlicha BHMning 5, 10 va 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti va diplom bilan taqdirlanadi. Respublika bosqichi g`oliblari Jamg`arma tomonidan tashkil etiladigan maqsadli o`quv kurslarida bepul tahsil olish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Shuningdek, qaror bilan «Iste`dodli yoshlar axborotnomasi» ilmiy-amaliy elektron jurnali hamda «Mirzo Ulug`bek vorislari» elektron portali tashkil etiladi. Portalda iste`dodli yoshlarning elektron bazasi shakllantiriladi, o`quv kurslari bitiruvchilarining reytingi joriy etilib, innovasion g`oyalari va ilmiy-texnik ishlanmalari baholab boriladi.