5 fevral kuni, Pekin shahriga tashrifning ikkinchi kunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston-Pokiston strategik sheriklik va ko`p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Pokiston Bosh vaziri o`tgan yil iyul oyida O`zbekistonga amalga oshirgan tashrifda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning ilk natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Jumladan, o`tgan yil yakunida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar ortdi, bir yilda 40 dan ortiq qo`shma korxona tashkil etildi.
Mamlakatimizning turli hududlarida farmasevtika preparatlari, kimyoviy tovarlar va to`qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Sanoat, ta`lim va kino sohalarida qator muhim loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Hududlararo aloqalar ham kengaymoqda – shu kunlarda Panjob viloyati gubernatori Sarvar Choudri boshchiligidagi delegasiya mamlakatimizda bo`lib turibdi.
Uchrashuvda ishbilarmonlarning qo`shma tashabbuslari va istiqbolli investisiya loyihalarini qo`llab-quvvatlash, bank-moliya sohasida hamkorlikni yo`lga qo`yish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan Afg`onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
“Termiz – Mozori Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo`lini qurish loyihasini ilgari surish borasidagi amaliy ishlarni davom ettirish to`g`risida kelishuvga erishildi.
Oliy va yuqori darajalardagi bo`lajak muloqotlar rejasi ham ko`rib chiqildi.
O`zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vazirining uchrashuvi har doimgidek ochiq, ishchan va do`stona ruhda o`tdi.